FTB AQShda yashovchi rossiyalik ayolni FSB bilan hamkorlikda ayblamoqda
Nomma Zarubina FTBdan Rossiya razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilayotganini yashirgan, deya ma’lum qildi Vashington. Biroq, u josuslikda ayblanmagan.
AQSh Adliya vazirligi Nyu-Yorkda yashovchi rossiyalik ayol Nomma Zarubinani Rossiya razvedka xizmatlariga aloqadorlikda aybladi. Bu haqda 2 dekabr, dushanba kuni Telegramʼda sud hujjatlari skanerini e’lon qilgan Russian America for Democracy in Russia loyihasi va huquqshunos Igor Slabix ma’lum qildi.
Ularga ko‘ra, 34 yoshli Zarubina 2021 yil aprelida va 2023 yil sentabr oyida Rossiya razvedka xizmatlari bilan aloqalarini rad etgan holda Federal tergov byurosi (FTB)ga «qasddan va bila turib» yolg‘on ko‘rsatma berganlikda ayblanmoqda. FTB ma’lumotlariga ko‘ra, keyinroq ma’lum bo‘lishicha, rossiyalik ayol o‘zi tug‘ilgan Tomskda joylashgan FSB xodimi bilan muntazam aloqada bo‘lib, AQShda topshiriqlarni bajarishga rozi bo‘lgan. Unga «Alisa» shartli nomi berildi va u Rossiya maxsus xizmatlari nomidan jurnalistlar, harbiy xizmatchilar va ekspertlar bilan aloqa o‘rnatdi.
Josuslik bo‘yicha ayblov qo‘yilmadi
Slabixning so‘zlariga ko‘ra, Zarubina 21 noyabr kuni qo‘lga olingan, biroq 25 ming dollar garov evaziga qo‘yib yuborilgan, hujjatlari olib qo‘yilgan va unga josuslikda ayblov qo‘yilmagan. Agar aybini tan olsa, u besh yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, deydi AQShda yashovchi advokat.
Nomma Zarubinaning o‘zi o‘ziga qarshi ayblovlar haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, Facebookʼda shunday deb yozdi: «Men yashirinmayapman yoki qochmayapman, xabarlarda ham, telefon orqali ham gaplashishdan xursand bo‘laman».
«Sibir.Realii» bilan suhbatda u FSBda ishlagani haqidagi ma’lumotni rad etdi, biroq bir necha yil davomida Rossiya va Amerika razvedka xizmatlari bilan aloqada bo‘lganini inkor etmadi.
Aleksey Navalniy shtablari sobiq rahbari Leonid Volkov Zarubinani 2023 yil yanvarida Vashingtonda tarafdorlari bilan uchrashuvda ko‘rganini va uning g‘alati xatti-harakatini payqaganini aytdi: tadbir davomida u birinchi qatorda o‘tirgani bilan hodisaga hech qanday qiziqish bildirmagan. «Ammo uchrashuv tugashi bilan u birinchi bo‘lib mening oldimga yugurib kelib, selfi so‘radi va selfidan so‘ng darhol qochib ketdi», deb yozdi Volkov X ijtimoiy tarmog‘ida.
Mavzuga oid
11:35 / 12.12.2024
FTB rahbari Rey Tramp inauguratsiyasigacha o‘z lavozimini tark etadi
13:13 / 21.08.2024
Amerikalik huquq faoli FTBni Falastinni qo‘llab-quvvatlagani uchun ta’qib qilishda aybladi
09:45 / 15.07.2024
FTB: Trampga o‘q uzgan shaxs yolg‘iz o‘zi harakat qilgan
08:22 / 16.08.2023