Jamiyat | 19:50 / 04.12.2024
9652
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy tibbiyot markazida O‘zbekistonda ilk marta noyob jarrohlik amaliyoti bajarildi

Foto: Videodan kadr

Milliy tibbiyot markazida Transplantologiya hamda Intervension va endovaskulyar xirurgiya bo‘limlari hamkorligida O‘zbekiston tarixida birinchi marta noyob jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

53 yoshli bemorga aorta yoyi anevrizmasi qatlamlanishini endoprotezlash hamda chap uyqu arteriyasini o‘ng uyqu arteriyasiga shuntlash bo‘yicha ikki murakkab jarrohlik usuli bir vaqtning o‘zida qo‘llandi.

Aorta yoyi anevrizmasining endoprotezlash usuli

Ushbu usul davomida bemorning aorta devoridagi zaiflashgan va qatlamlangan qismi maxsus stenograf yordamida endoprotez orqali mustahkamlandi. Aorta yoyi anevrizmasi qatlamlanishi aortaning yorilish xavfini keltirib chiqaradigan og‘ir holat hisoblanadi.

Jarayon davomida invaziv bo‘lmagan, ya’ni katta kesiklar qilinmasdan, endoprotez aorta ichiga joylashtirilib, qon oqimi tiklandi va bemorning hayoti xavfsizligi ta’minlandi.

Chap uyqu arteriyasini o‘ng uyqu arteriyasiga shuntlash

Transplantologlar tomonidan bajarilgan ushbu murakkab jarrohlik usuli arterial qon aylanishini tiklashga qaratildi. Shuntlash usuli yuqori aniqlikni talab qiladi. Amaliyot davomida qon ta’minoti muammolarini bartaraf etish maqsadida chap uyqu arteriyasi o‘ng uyqu arteriyasiga ulab berildi.

«Bu noyob operatsiya O‘zbekistonda ilk marta bajarildi va xalqaro standartlarga to‘liq mos keldi. Bir vaqtning o‘zida ikki murakkab jarrohlik usulining qo‘llanilishi Milliy tibbiyot markazi mutaxassislarining yuksak mahorati hamda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatini namoyon etdi.

Mazkur amaliyot mamlakatimizda tibbiyot sohasidagi yangi bosqichning boshlanishi sifatida e’tirof etilishi mumkin», deyiladi markaz matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid