Jahon | 16:16 / 04.12.2024
7173
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasiga ko‘ngillilar oqimi sezilarli qisqardi - to‘lov ikki barobar ortgan bo‘lsa ham

Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlariga kuniga o‘rtacha 600 nafar ko‘ngilli askar jalb qilinmoqda. Bu esa hozirgi kundagi kunlik yo‘qotishlar sonidan kam bo‘lishi mumkin.

Dmitriy Lovetskiy / AP / Scanpix / LETA

Rossiya Federal budjeti ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobotlar Rossiya Qurolli kuchlariga shartnoma asosida harbiy xizmatga jalb qilinayotgan askarlar miqyosini aniqlash mumkin bo‘lgan kam sonli vositalardan biri. Bu hujjatdan davlatning shartnoma imzolash uchun to‘lovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham o‘rin olgan va ularga asosan mustaqil tadqiqotchilar har uch oyda Rossiya armiyasi safiga borib qo‘shilayotgan ko‘ngillilarning taxminiy sonini aniqlay olishadi. «Meduza» nashri budjetning iyul-sentabr oylaridagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotga ko‘ra shu uslubiyatdan foydalanib, natijani avvalgi choraklar bilan taqqoslab ko‘rdi va ayni paytda shartnoma asosida xizmatga jalb qilish sur’atlari Rossiya armiyasining urushdagi tiklanmas yo‘qotishlari sur’atlaridan ancha past bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi.

Rossiya armiyasiga shartnoma asosida xizmatga jalb qilinayotganlar sonida 2024 yilning uchinchi choragida ikkinchi chorakka nisbatan sezilarli qisqarish ro‘y bergan. Bu Budjet tizimi yagona portaliga joylashtirilgan federal tizim ijrosi to‘g‘risidagi hisobotda aks etgan.

1 oktyabrga kelib shartnoma asosida harbiy xizmat o‘tayotgan askarlarga bir martalik to‘lovlar uchun umumiy summada 48,56 mlrd rubl sarflangan. Bu birinchi yarim yillik natijalaridan 16,14 mlrd rublga ko‘p. Ikkinchi chorakda to‘lovlar summasi 18,1 mlrd rubldan iborat bo‘lgan. Ularning katta qismi — 47,4 mlrdi armiyaga va faqat 1,13 mlrdi Milliy gvardiyaga to‘g‘ri keladi.

Shartnoma asosida jang qilayotganlar uchun bir martalik to‘lovga umumiy xarajatlar pasayishi o‘sha to‘lovlar miqdori ikki marta oshirilishi fonida yuz bergan. Vladimir Putinning 2024 yil 31 iyuldagi farmoniga ko‘ra, 1 avgustdan yil oxirigacha Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganlik uchun bir martalik federal to‘lov 195 ming rubldan 400 ming rublgacha oshirilgandi. Bungacha belgilangan «narxlar» 2022 yil 21 sentabridan buyon amal qilib kelayotgandi.

Shartnoma imzolagan chog‘da askar qo‘lga kiritadigan bir martalik to‘lovlarning katta qismini federal emas, mahalliy budjetlar qoplab beradi. Ayni paytda aksariyat joylarda ular bir necha million rublga yetgan, boz ustiga, hududlarga qarab summalar farqlanadi va doimo oshib bormoqda.

Federal budjetdan markazlashtirilgan va fiksatsiya qilingan to‘lov mavjudligi shartnoma asosida xizmatga jalb qilish dinamikasini kuzatish imkonini beradi. Budjet xarajatlari to‘g‘risidagi hisobotlar bo‘yicha umumiy xarajatlar summasi hamda 195 ming rubllik (1 avgustdan 400 ming rubllik) federal to‘lov miqdorini bilib, imzolangan shartnomalar soni va ko‘ngillilarni xizmatga jalb qilish dinamikasini osongina hisoblab topish mumkin.

  • Avgust oyi boshlarida, birinchi budjet choragi ijrosi natijalariga ko‘ra «Vajniye istorii» nashri shunday hisob-kitob yuritib, armiya Mudofaa vazirligi ta’kidlayotganidan bir yarim barobar kamroq ko‘ngillilarini armiyaga jalb qilayotgani to‘g‘risida xulosaga kelgan.
  • Sentyabr oyi boshlarida «Vajniye istorii» nashri uchun keyingi chorak uchun hisobotga qarab, Germaniya xalqaro munosabatlar va xavfsizlik institut xodimi Yanis Klyuge hisob-kitob qilib bergan.

2024 yilning uch choragi uchun ma’lumotlarga ega bo‘lib, ularni 2022 va 2023 yillardagi tarixiy hisobotlar bilan umumlashtirib, «Meduza» nashri uslubiyotni biroz o‘zgartirgan holda hisob-kitob qilgan.

To‘lovlarning umumiy summasiga qarab shartnoma tuzganlarning sonini aniqlab topish ikki omilga ko‘ra murakkab hisobladi.

  • Birinchidan, shartnoma imzolash, buning uchun mablag‘ o‘tkazib berish va to‘lov xarajatlarini budjet hisobotlariga kiritish davomida ancha vaqt o‘tadi. Bu kechikishning davomiyigini baholash qiyin. Bunday muddat borligidan yilning so‘nggi choragida — ajratilgan budjetni «yopish» talab qilingan chog‘da to‘lovlar miqdori keskin oshib ketishi ham dalolat beradi. Lekin shuni ham inobatga olish kerakki, bemlol kechiktirish mumkin bo‘lgan boshqa (yaradorlar va halok bo‘lganlarga) budjet to‘lovlaridan farqli ravishda, shartnoma tuzganlik uchun to‘lov insonning shartnoma tuzish yoki tuzmaslik qaroriga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bu to‘lov bo‘yicha kechikishlar bir necha oydan oshmasligi kerak.
  • Ikkinchidan, 1 avgustdan (chorakdagi uch oyning ikkinchisidan) boshlab to‘lov miqdorining ikki barobar oshirilishi butun uchinchi chorak bo‘yicha to‘lovning o‘rtacha miqdori qancha bo‘lganida noaniqlik yaratadi. Bu o‘rtacha qiymatga shartnoma tuzgan insonlarning hisobiy soni bevosita bog‘liq.

Shartnoma tuzilgan sana va to‘lovning budjet xarajatlari sirasiga kiritilishi o‘rtasidagi kechikish ikki oyni tashkil etadi, deyilgan ssenariyda uchinchi kvartalda ham to‘lovlarning real miqdori avvalgidek, 195 ming rubl darajasida qolishi kerak. Bundan hisobot davrida 82 ming nafar yangi shartnoma imzolagan askar soni kelib chiqadi. Shunday «maksimal» variantda ham bu raqam ikkinchi chorakdagi 93 ming odam va 2023 yilning uchinchi choragidagi 113 ming odamga nisbatan kam.

Yozda ko‘ngillilarni jalb qilish imkoniyati sarflanib bo‘lgani va to‘lovlar miqdori 400 ming rubl miqdorigacha ikki barobar oshirilgunga qadar hech kim shartnoma imzolagan, deb olinadigan teskari ssenariyda shartnoma imzolaganlarning umumiy soni 40,3 ming kishini tashkil etadi. Bu eng ehtimoli past ssenariy va yangi ko‘ngillilar sonining eng quyi chegarasidir.

Kechikishlarni ham, to‘lov miqdori oshirilgani uchun shartnoma imzolaganlar soni oshishini ham inobatga olmaydigan eng konservativ va oddiy ssenariy ham bor. Bu holatda to‘lovlarning o‘rtacha («samarali») miqdori ⅓ × 195K + ⅔ × 400K = 332 ming rublni tashkil etadi. Uchinchi chorakda shartnoma imzolagan ko‘ngillilarning umumiy soni 49 mingni tashkil etadi. Bu kuniga 500-600 nafar yangi askarlar jalb qilinayotganidan dalolat beradi.

Avvalroq, «Meduza» o‘zining so‘nggi baholashida 2024 yil o‘rtalariga kelib, RF Qurolli kuchlarining frontda o‘layotgan askarlari soni oshib borayotgani va kuniga 200-250 nafarni tashkil etayotgani haqida yozgan edi. O‘lganlarni umumiy yo‘qotishlarga qo‘shuvchi konservativ koeffitsiyent (u 2022 yilda to‘langan kompensatsiyalarga asoslangan, unga ko‘ra ushbu urushda o‘lgan har bir kishiga 1,7-2 nafar og‘ir jarohatlangan askar to‘g‘ri kelishini bildiradi) hisobga olinsa, bu kuniga 600-750 nafar askar tiklanmas tarzda to‘liq safdan chiqayotganini bildiradi.

Shunday qilib, ancha noaniqlik va ko‘plab ehtimollarga qaramasdan, yangi ma’lumotlar chiqqunga qadar hozirgi mavjud ma’lumotlarga asoslangan holda urushga yangi jalb qilinayotgan askarlar o‘rtacha holatda yo‘qotishlar o‘rnini to‘liq bosa olmayapti, degan xulosaga kelish mumkin. Yanada qat’iyat bilan aytish mumkinki, hozirgi vaziyat RF Qurolli kuchlariga sezilarli katta zaxiralar yaratish imkoniyatini taqdim eta olmaydi. Biroq, keskin «kollaps» paydo bo‘lishiga ham izn bermaydi.

Mavzuga oid