Jahon | 00:25 / 05.12.2024
11039
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Britaniya Rossiya elitasiga sanksiyalarni chetlab o‘tishga ko‘maklashgan «xalqaro tarmoq» fosh etilganini ma’lum qildi

Jinoyatchilikka qarshi kurashish agentligi narkosavdogarlar, moliyaviy jinoyatchilar va chet el josuslari foydalangan milliardlab dollarlarni yuvishga aloqador Rossiya tarmog‘i fosh etilganini e’lon qildi. AQSh ushbu kompaniyalarga bog‘liq besh kishi va to‘rtta yuridik shaxsga nisbatan sanksiya qo‘lladi.

Foto: Anadolu

AQSh Moliya vazirligi TGR Group kompaniyasiga aloqador besh kishi va to‘rtta yuridik shaxsga nisbatan saksiyalar joriy etishini e’lon qildi. Idora press-relizida ushbu kompaniya Rossiya elitasi vakillariga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bergan «keng xalqaro tarmoq», deb ta’riflangan.

AQSh Moliya vazirligi versiyasiga ko‘ra, TGR Group — Ukraina fuqarosi Jorj Rossi tomonidan nazorat qilinadigan Rossiya kompaniyasi bo‘lib, uning Buyuk Britaniya, Yevropa va Osiyo davlatlarida vakolatxonalari bor. Vashingtondagilarning hisoblashicha, kompaniya o‘z mijozlariga qator xizmatlarni taklif etadi — ular orasida sanksiya ostida bo‘lgan tashkilotlar «pulini yuvish», noqonuniy naqd pul va kriptovaluta almashinuvi, shuningdek, «badavlat Rossiya fuqarolari Buyuk Britaniyada mulk sotib olishlari uchun» mablag‘ manbalarini yashirish kabi xizmatlar bor.

TGR Group o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun boshqa kompaniyalarni, jumladan, rossiyalik Yekaterina Jdanova rahbarlik qiladigan Smart Group’ni jalb etgan. Bir yil oldin Jdanova AQSh tomonidan sanksiyaga uchragan, Amerika hukumatining versiyasiga ko‘ra, u sanksiya ostida bo‘lgan Rossiya elitasi vakillariga pul yuvish va mablag‘larni xorijga olib chiqib ketishga yordam bergan. Vazirlik versiyasida aytilishicha, Jdanovaga bugungi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan Xojimurat Magomedov va Nikita Krasnov yordam bergan. 

Bundan tashqari, 4 dekabr kungi sanksiya Rossiga ishlaydigan va TGR Group «qarorlari qabul qilinishiga» mas’ul rossiyalik Yelena Chirkinyan, shuningdek, Latviya fuqarosi Andreys Bradensga nisbatan ham qo‘llanilgan. Yuridik shaxslar orasida sanksiyalar ro‘yxatiga Amerikaning Vayoming shtatida ro‘yxatdan o‘tgan Pullman Global Solutions kompaniyasi kiritildi. Uning TGR Group’ga bog‘liqligi bor, kompaniyani Bradens boshqaradi.

«TGR guruhi orqali rus elitasi o‘zlari va Kremlni yanada boyitish uchun AQSh hamda xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishda raqamli aktivlardan, xususan, AQSh dollari bilan ta’minlangan steyblkoinlardan foydalanishga uringan», — deydi vazirning terrorizm va moliyaviy razvedka bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Bredli Smit.

O‘z navbatida Britaniyaning Jinoyatchilikka qarshi kurashish agentligi (NCA) xalqaro tergov davomida narkosavdogarlar, moliyaviy jinoyatchilar va chet el josuslari foydalangan milliardlab dollarlarni yuvishga aloqador Rossiya tarmog‘i fosh etilganini e’lon qildi. Operatsiya davomida tarmoqning ehtimoliy rahbarlari aniqlangan, 84 kishi qo‘lga olingan, shuningdek, naqd pul va kriptovaluta ko‘rinishidagi 20 million funt sterling mablag‘ musorada qilingan.

NCA xabarida TGR Group va Smart haqida so‘z boradi. Britaniya tergoviga ko‘ra, kompaniyalar transmilliy jinoiy guruhlar uchun naqd pullarni yuvish bilan shug‘ullangan. Bundan tashqari, 2022 yil oxiridan 2023 yil o‘rtalarigacha ushbu tarmoqdan «Rossiya josuslik operatsiyalarni» moliyalashtirishda foydalanilgan, shuningdek, u rossiyalik mijozlariga Britaniya sanksiyalaridan qochishga yordam bergan. Tergovning hisoblashicha, kompaniyalar Rossiya propaganda telekanali hisoblanuvchi Russia Today’ga naqd pullarni Buyuk Britaniyaga o‘tkazishida yordam bergan.

Mavzuga oid