Zelenskiy Gurjiston bosh vaziri va hukmron partiyaning qator a’zolariga qarshi sanksiyalar kiritdi
Ukraina prezidenti tomonidan 5 dekabr kuni imzolangan qarorda 19 nafar siyosatchining ismi keltirilgan - Kiyev ularni Tbilisidagi norozilik aksiyasi ishtirokchilarini kuch bilan tarqatishga aloqador deb hisoblamoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Gurjistonning amaldagi hukumati ayrim vakillariga qarshi sanksiyalar joriy etilishini e’lon qildi.
5 dekabr kuni imzolangan qarorda 19 nafar siyosatchining ismi keltirilgan — Kiyev ularni Tbilisidagi norozilik aksiyasi ishtirokchilarini kuch bilan tarqatishga aloqador deb hisoblamoqda. Ular orasida rossiyaparast «Gurjiston orzusi» partiyasi asoschisi Bidzina Ivanishvili, mamlakat bosh vaziri Irakliy Kobaxidze, Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Grigol Liluashvili, tashqi ishlar vaziri Vaxtang Gomelauri, Tbilisi meri Kaxa Kaladze va boshqalar o‘rin olgan.
«Ushbu sanksiyalar hukumatning hozirda Gurjistonni Putinga topshirayotgan qismiga qarshi qo‘llandi. Xalqaro munosabatlarda shunday bo‘ladi: o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa yoki prinsipsiz munosabatda bo‘linsa, o‘nlab yillar yo‘qotiladi va ozodlikdan mahrum bo‘lgan mamlakatlar paydo bo‘ladi. Ushbu mintaqada hech kimni yo‘qotmaslik kerak: na Gurjiston, na Moldova, na Ukrainani. Birgalikda Moskvadan himoyalanish kerak», — deydi Zelenskiy.
Gurjistonda 28 noyabrdan beri hukumatning 2028 yil oxiriga qadar Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmaslik bo‘yicha qaroriga qarshi noroziliklar davom etmoqda. Politsiya namoyishchilarni maxsus vositalarni qo‘llagan holda tarqatyapti. Hozirga qadar 300 dan ortiq fuqaro qo‘lga olingan. Bir haftalik namoyishlardan keyin 4 dekabr kuni politsiya muxolifat partiyaning ofislarida tintuvlar o‘tkazdi.
OAVga ko‘ra, 5 dekabr, chorshanba kuni kechqurun Tbilisidagi mitingda «Kuchli Gurjiston» muxolifat koalitsiyasi yetakchilaridan biri Aleksandr Elisashvili, shuningdek, «Axali» muxolifat partiyasi a’zosi Zurab Datunashvili qo‘lga olingan.
Mavzuga oid
11:31
Zurabishvili: Gurjiston prezidenti va bosh qo‘mondoni bo‘lib qolaman
19:23 / 22.12.2024
Gurjiston bosh vaziri Kobaxidze prezident Zurabishviliga jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi
13:47 / 21.12.2024
Yevrokengash bosh kotibi: Tbilisi tashqi ta’sirga oid qonunni o‘zgartirishga va’da berdi
20:54 / 20.12.2024