Jamiyat | 20:16 / 06.12.2024
4091
2 daqiqa o‘qiladi

Qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib kelganlar tabiatga 65 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazdi

Toshkent viloyatida davlat raqami yechib olingan yuklagich tosh maydalash sexi uchun qum-shag‘al aralashmalarini yuk tashish avtotransport vositasiga yuklab berayotgani aniqlandi.

Foto: Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi

Toshkent viloyati Ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda IIBB xodimlari hamkorligida Chirchiq daryosining Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbir davomida davlat raqami yechib olingan yuklagich yordamida qum-shag‘al aralashmalarini Chakman rusumli yuk tashish avtotransport vositasiga yuklab berayotgani aniqlangan.

Holatga inspektorlar tomonidan aniqlik kiritilganda, yuk tashuvchi avtotransport vositasi haydovchisi qum-shag‘al aralashmalarini shu hududda joylashgan «M.G.F.» MChJga qarashli tosh maydalash sexiga olib borib to‘kayotganini ma’lum qilgan.

Noruda foydali qazilmalarni qazib olishda yetkazilgan zarar «Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga asosan hisob-kitob qilinganda 65 milliard 323 million so‘mni tashkil qilgan.

Noqonuniy qum-shag‘al aralashmalarini qazib olishda ishtirok etgan maxsus texnikalar Quyi Chirchiq tumanida joylashgan jarima maydonchasiga vaqtincha joylashtirilgan. Ushbu holatga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

Mavzuga oid