Suriya demokratik kuchlari Dayr-az-Zur va Abu Kamol shaharlariga kirdi
Bashar Asad armiyasi chiqib ketgach, Suriya demokratik kuchlari koalitsiyasi ushbu shaharlarni egallagani ta’kidlanmoqda.
Suriya Demokratik kuchlari (SDF) kolonnalari mamlakat sharqidagi, avval Asad rejimi nazorati ostida bo‘lgan Dayr-az-Zur va Abu Kamol shaharlariga kirdi. Natijada, «Hizbulloh» va boshqa eronparast guruhlar uchun ta’minot yo‘lagi to‘sib qo‘yildi. Avvalroq, Suriya rejimi kuchlari Damashqni isyonchilardan himoya qilishga e’tiborni qaratish uchun hududni tark etgani haqida xabar berilgan edi.
Dayr-az-Zur va Abu Kamol shaharlari 2017 yil noyabr oyida Suriya rejimi kuchlarining Rossiya aviatsiyasi va «Vagner» XHK ko‘magida o‘tkazgan yirik harbiy amaliyoti natijasida Bashar Asad nazorati ostiga o‘tgan edi. Uzoq vaqt davomida IShID jangarilari nazorati yoki qamalida bo‘lgan bu shaharlar Eron, Iroq, Suriya va Livanni bog‘laydigan quruqlikdagi strategik yo‘lak bo‘lgani uchun Suriyaning sharqiy viloyatlari uchun kurashning asosiy nuqtalariga aylandi.
Suriya demokratik kuchlari (SDF) — AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya ko‘magida IShID jangarilariga qarshi kurashish uchun kurd militsiya bo‘linmalari asosida tuzilgan koalitsiya bo‘lib, uning tarkibiga arab, ossuriya, turkman va boshqa tuzilmalar ham kiradi. SDF asosini kurdlarning Xalq mudofaasi bo‘linmalari (YPG) va Ayollar mudofaa bo‘linmalari (YPJ) tashkil etadi – ularning koalitsiyadagi ishtiroki boshqa etnik va diniy guruhlar vakillarini jalb qilishga imkon berdi, bu esa harakatga yanada kengroq tus berdi. SDF Suriyani IShID jangarilaridan ozod qilishda, jumladan Raqqa jangi va sharqiy Dayr-az-Zur viloyati kabi yirik janglarda asosiy kuchga aylandi. SDF eronparast jangarilar va Turkiyaning Suriya shimolidagi operatsiyalariga ham qarshi turadi va bu uni Suriya mojarosining markaziy kuchlaridan biriga aylantiradi.
Oxirgi kunlarda Amerika aviatsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan SDF safidagi arab jangarilari Furot daryosining chap qirg‘og‘idagi eronparast tuzilmalar nazoratidagi bir qancha aholi punktlariga hujum qilgani ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga oid
19:19
Bashar Asadning sobiq matbuot kotibi uning Putin bilan bog‘lanishga urinishlari haqida gapirdi
18:45 / 10.01.2025
Suriyadagi kutilmagan inqilobdan buyon bir oy o‘tdi. Nimalar o‘zgardi?
18:42 / 09.01.2025
Bashar Asadning rafiqasi Britaniya razvedkasiga ishlaganlikda gumonlanmoqda
17:05 / 09.01.2025