Vengriya razvedkasi mamlakatga kelgan yevropalik amaldorlar ortidan kuzatib kelgani ma’lum bo‘ldi
Razvedka xodimlari mamlakatga tashrif buyurgan YeI amaldorlar ortidan josuslik qilgan, jumladan, ularning mehmonxona nomerlarini tintigan va telefon suhbatlarini yozib olgan.
Vengriya Axborot byurosi (tashqi razvedka xizmati) mamlakatga tashrif buyurgan yevropalik amaldorlar ortidan josuslik qilgan, jumladan, ularning mehmonxona nomerlarini tintigan va telefon suhbatlarini yozib olgan. Bu haqda Vengriya tergov markazi Direkt36 va Belgiyaning De Tijd gazetasi hamkorligida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, asosan 2015 yildan 2017 yilga qadar to‘rtta missiya doirasida Vengriyaga kelgan Yevropa firibgarlikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasi (OLAF) tergovchilari ortidan josuslik qilingan. Ular bosh vazir Viktor Orbanning kuyoviga tegishli, qisman YeI hisobidan moliyalashtirilgan Elios kompaniyasi ishtirokidagi tenderlar haqida ma’lumotlarni to‘plash bilan shug‘ullangan.
Direkt36 i De Tijd manbalariga ko‘ra, tergovchilar telefon orqali ko‘p muloqot qilgan va Vengriya razvedkasi ushbu suhbatlarni yozib olgan. Shuningdek, rasmiy va shaxsiy uchrashuvlar davomida ham ular ortidan kuzatuvlar davom etgan. Nashrning yozishicha, tergovchilarning o‘zlari kuzatuvda ekanliklarini payqagan, shu bois ularga bundan xabardor ekanliklarini bildirib qo‘yish maqsadida ular ba’zida avtomobilda aylana bo‘ylab harakatlanib turgan.
Direkt36 manbasining so‘zlariga ko‘ra, shunday davrlar bo‘lganki, Vengriyaga tashrif buyurgan YeI degatsiyalarining deyarli barchasi kuzatuvga olingan. Bunda yevropalik amaldorlarning mehmonxona nomerlarini tintish, ular qoldirib ketgan noutbuklardan ma’lumotlarni yuklab olish kabi usullaridan ham foydalanilgan.
Yevropadagi bir nechta amaldor Bryussel kuzatuvlar to‘g‘risida xabardor qilinganini tasdiqlagan. Shuningdek, bir holatda vengriyalik amaldorlar mamlakatga kelgan yevropalik hamkasbidan smartfoni bor yoki yo‘qligini bir necha bor so‘ragani shubha uyg‘otgan.
Jurnalistlarning ta’kidlashicha, Vengriya razvedkasi YeI institutlari ortidan kuzatuv uchun jiddiy resurslarni 2012 yilda mamlakat bosh vaziri Viktor Orbanga yaqin bo‘lgan inson — Yanosh Lazar byuro kuratoriga aylanganidan keyin ko‘proq ajratishni boshlagan. Manbalarning qayd etishicha, razvedka ichida kuzatuvlar bilan shug‘ullanuvchi butun boshli bo‘linma yaratilgan.
Orban ofisining matbuot xizmati boshlig‘i Bertalan Xavasi Politico’ning so‘roviga javoban ofis «feyk yangiliklar bilan ishlamasligini» bildirgan.
Mavzuga oid
12:41 / 21.12.2024
Polsha sobiq amaldoriga Vengriyada boshpana berilganidan norozi
21:33 / 20.12.2024
Viktor Orban Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishdan oldin Trampning inauguratsiyasini kutmoqchi
22:34 / 18.12.2024
Polshada rossiyalik hokkeychi josuslikda ayblanib, 3 yil muddatga qamaldi
15:15 / 12.12.2024