Jahon | 21:33 / 20.12.2024
4371
2 daqiqa o‘qiladi

Viktor Orban Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishdan oldin Trampning inauguratsiyasini kutmoqchi

Vengriya bosh vaziri YeI davlatlarining Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga shoshilmayapti. Viktor Orban qaror qabul qilishdan oldin Donald Trampning 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan inauguratsiyasini kutish niyatida.

Foto: Getty Images

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi yetakchilariga Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirish bo‘yicha qaror qabul qilishdan oldin Donald Trampning inauguratsiyasini kutmoqchi ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Yevroittifoq tomonidan Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar har yarim yilda uzaytiriladi. Bu boradagi keyingi qaror yanvar oxirida — Tramp lavozimga kirishganidan 11 kun o‘tib qabul qilinishi kerak. Sanksiyalar muddatini uzaytirish uchun YeIga a’zo 27 ta davlatning barchasi uni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Ammo Bloomberg manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Orban 19 dekabr kungi sammitda Yevropa Ittifoqi davlatlari yetakchilariga sanksiyalarni uzaytirish bo‘yicha «oldinga harakatlanishga tayyor emasligini» bildirgan.

YeI Tramp Ukrainaga ko‘rsatiladigan yordamni qisqartirishi mumkinligidan allaqachon xavotirga tushgan, Orbanning e’tirozi esa Yevropa yetakchilarini yanada tashvishga solmoqda. Chunki Vengriya bosh vaziri Ukrainani moliyaviy va harbiy qo‘llab-quvvatlash masalasida YeIning birligiga putur yetazish uchun Tramp bilan birlashishi mumkin.

2024 yil iyulda Viktor Orban o‘zining «tinchlik missiyasi» doirasida Trampning oldiga kelgandi. Bunga qadar Vengriya bosh vaziri Kiyev va Moskvaga tashrif buyurgan, keyin esa Pekinga borib, XXR raisi Si Jinpin bilan uchrashgan. YeIga a’zo davlatlar rahbarlari Orbanni Vladimir Putin bilan uchrashuvi uchun tanqid qilgan, Zelenskiy esa Orbanning tinchlikparvar sifatidagi harakatlarini rad etgandi.

Orban Yevropa Ittifoqining Ukrainaga yo‘naltiriladigan yordamlar bo‘yicha tashabbuslarini bir necha bor bloklagan. Vengriya bosh vaziri YeI davlatlari rahbarlari orasida Trampning eng yaqin ittifoqchilaridan hisoblanadi.

Mavzuga oid