O‘zbekiston | 08:51 / 07.12.2024
5387
3 daqiqa o‘qiladi

«G‘yelon» turistik zonasini tashkil etish bo‘yicha prezident qarori imzolandi

Shahrisabzda «G‘yelon» turistik-rekreatsion zonasi avval ko‘zda tutilganidan kattaroq - 2,9 ming gektar maydonda quriladi. 

Foto: Sputnik

Prezident Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 2,9 ming gektar maydonda «G‘yelon» turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Qozon shahrida 2023 yil 4−6 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan III hududlararo hamkorlik forumi doirasida Rossiya tomoni («Kazanskiye kanatnyye dorogi» kompaniyasi va «Gordeyev» arxitektura byurosi) bilan dam olish maskani loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

2024−2030 yillar davomida uch bosqichda amalga oshiriladigan loyiha doirasida investordan qurilish davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga olgan holda dastlabki baholash bo‘yicha jami 300 million dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etiladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida «G‘yelon» turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi tuziladi va hududdagi yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan va ijaraga berishdan kelib tushgan mablag‘lar ushbu direksiya hisobiga o‘tkaziladi.

Turistik zona faoliyat ko‘rsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilga tashkil qilinadi. Tegishli tashkilotlar ikki oy muddatda hukumat qarori loyihasi tuzib, uni Vazirlar mahkamasiga kiritishi kerak.

2025 yil 1 iyunga qadar — turistik zonaning bosh rejasi va batafsil rejalari loyihalari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

2025 yil 1 oktyabrga qadar — direksiya tomonidan uni rivojlantirishni nazarda tutuvchi master reja ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Investitsiya loyihasi doirasida umumiy uzunligi 33 km bo‘lgan Hisorak — G‘yelon, Hisorak — Sarchashma avtomobil yo‘lini ikki tasmali qilib, Chiroqchi — Sho‘rquduq avtomobil yo‘lining 30 km qismini uchinchi toifadagi yo‘l darajasigacha yetkazish, Miraki — Hisorak avtomobil yo‘lini ikki tasmali qilib, uchinchi toifadagi yo‘l darajasigacha yetkazish zarur.

Mavzuga oid