Homsga yurish qilayotgan isyonchilar, Rossiyaga qarshi sanksiyalar muhokamasi va Gurjistonga xalqaro bosim - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Suriyadagi vaziyat
Suriya prezidenti Bashar Asad rejimi Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy yordamisiz bu rejimga qarshi isyon ko‘targanlarning hujumlariga dosh berolmasligi mumkin, deb xabar beradi CNN.
Chatham House tahlilchisi Nil Kuilyamning ta’kidlashicha, Moskva isyonchilarning faol harakatlariga qaramay, faqat minimal darajada qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning fikricha, Rossiya qurolli kuchlari Ukrainadagi urush bilan band bo‘lgani sababli Suriyada keng ko‘lamli aralashuv ehtimoli kam.
Bu orada Livanning «Hizbulloh» harakati o‘zining elita bo‘linmalarini Suriyaning Homs shahrini himoya qilish uchun safarbar qildi. Reuters xabariga ko‘ra, Homs viloyati Erondan Livanga qurol tashish uchun strategik ahamiyatga ega.
Hozirda isyonchilar Xoms yaqinidagi asosiy transport yo‘laklarini uzishga harakat qilmoqda. AQSh qo‘llovidagi Suriya demokratik kuchlari Dayr-ez-Zur va Abu-Kamalni egallab, Erondan qurol tashish yo‘lini muvaffaqiyatli to‘sib qo‘ydi.
Dayr-az-Zur va Abu Kamol shaharlari 2017 yil noyabr oyida Suriya rejimi kuchlarining Rossiya aviatsiyasi va «Vagner» XHK ko‘magida o‘tkazgan yirik harbiy amaliyoti natijasida Bashar Asad nazorati ostiga o‘tgan edi.
Janubdagi shaharlarda Asad armiyasining askarlari isyonchilar safiga o‘tishda davom etmoqda. Iordaniya bilan chegara punktlari ham isyonchilar qo‘liga o‘tgan. Isroil Jo‘lan tepaliklarida o‘z ishtirokini kuchaytirib, isyonchilar foydalanishi mumkin bo‘lgan infratuzilma va kimyoviy qurol omborlarini bombardimon qilmoqda.
Deraa muxolifat nazoratiga o‘tdi
Suriyaning Iordaniya bilan chegarada joylashgan Deraa shahrida muxolifat kuchlari Bashar Asad rejimi qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratib, shaharni egalladi. Ular janubiy viloyatdagi bir necha aholi punktlari va harbiy obektlarni ham qo‘lga kiritdi.
Deraa — 2011 yildagi Suriya fuqarolik urushida rejimga qarshi qo‘zg‘olonlar boshlangan tarixiy ahamiyatga ega viloyat. U yerda o‘quvchilar tomonidan maktab devoriga «Ey, doktor, endi sening navbating», degan shior yozilishi bilan xalq qo‘zg‘olonlari boshlangan edi. Bunda diplomi bo‘yicha ko‘z doktori bo‘lgan Bashar Asadga ishora qilingan.
Asad rejimiga qarshi isyon ko‘targanlarning hozirgi harakatlari strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llarni egallashga qaratilgan. Ular Asad rejimiga qurol va yordam tashish yo‘llarini kesib o‘tishga harakat qilmoqda.
Erdo‘g‘an Suriyadagi janglar haqida
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an isyonchi guruhlar, jumladan, «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi koalitsiyaning Asad hukumatiga qarshi hujumini «muxolifat yurishi» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, isyonchilarning asosiy maqsadi — poytaxt Damashqqa yetib borish.
Erdo‘g‘an Suriya prezidenti Bashar Asadga vaziyatni birgalikda hal etishni taklif qilganini, ammo ijobiy javob olmaganini ma’lum qildi.
«Biz Asadga murojaat qildik: «Keling, Suriya taqdirini birgalikda hal qilaylik», dedik. Lekin ijobiy javob olmadik», — degan Erdo‘g‘an.
27 noyabr kuni isyonchilar Suriyada Asad hukumati hududlariga keng ko‘lamli yurish boshladi. Uch kun ichida Halab egallandi, 5 dekabr kuni esa Hama shahri qo‘lga kiritildi. Bu mintaqa uchun so‘nggi to‘rt yildagi birinchi yirik mojaro bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda Asad hukumati va isyonchi guruhlar Rossiya hamda Turkiya vositachiligida otishmalarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Suriyada 2011 yildan beri davom etayotgan fuqarolik urushida Rossiya Asadni, Turkiya esa muxolifatni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Ukraina tinchlikka tayyormi?
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev tinchlik rejasi orqali barqaror tinchlikka erishishni ko‘zlamoqda. Ammo Ukraina prezidenti devoni rahbari Andriy Yermak Vashingtonga tashrifi davomida tinchlikning AQSh va Ukraina manfaatlariga mos bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Yermak AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp jamoasi bilan uchrashdi. U milliy xavfsizlik maslahatchisi lavozimiga nomzod Mayk Uols, Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus elchi Kit Kellog va saylangan vitse-prezident Jyey Di Vens bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda tinchlikka oid uchta asosiy taklif muhokama qilingani qayd etilmoqda.
Ukraina NATOga qo‘shilishni asosiy maqsadlardan biri deb belgilagan, ammo NATOga a’zo 32 davlat orasida Kiyevni alyansga taklif qilish bo‘yicha yakdillik yo‘q. Tramp jamoasi ham yaqin kelajakda Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish ehtimolini istisno qildi.
Shu bilan birga, Zelenskiy Ukrainaning NATOga qabul qilinishi bosib olingan hududlar qaytarilmagan holda amalga oshishi mumkin emasligini ta’kidlagan. Kiyevning fikricha, diplomatik yo‘l orqali hududlarni qaytarish hamon ustuvor maqsad bo‘lib qolmoqda.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar ta’siri
G‘arb sanksiyalari Rossiyaning harbiy qudratiga putur yetkazmoqda. «The Washington Post» nashrining yozishicha, sanksiyalar Moskva uchun muhim bo‘lgan chiplar, datchiklar va maxsus elektronikalar kabi texnologiyalarga kirishni cheklamoqda, bu esa Rossiyaning qurol ishlab chiqarish imkoniyatlarini sezilarli darajada zaiflashtirmoqda.
Sanksiyalar natijasida Rossiyada qurol-aslahalar sifati pasaygan. Xususan, yuqori texnologiyali detallar, masalan, tanklarga mo‘ljallangan molekulyar moylar va dronlar uchun kompyuterlashgan uskunalar yetishmasligi kuzatilmoqda.
Eron dronlaridagi Janubiy Koreya dvigatellari Xitoynikiga almashtirilgani texnik muammolarga olib kelgan. Rossiya yo‘qotishlarni ommaviy ishlab chiqarish bilan qoplashga urinmoqda, ammo bu 2025 yilga kelib tanklarning tanqisligiga olib kelishi mumkin.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, cheklovlar Rossiyaning harbiy sanoatida uzilishlarga sabab bo‘lib, urush jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bu orada Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 15-paketini kelisha olmadi.
Sanksiyalar paketining qabul qilinishini ikkita davlat bloklagan, ammo ular qaysilar ekaniga aniqlik kiritilmagan. Yangi paket loyihasi Rossiya neftini tashuvchi tankerlarga qarshi sanksiyalarni ham o‘z ichiga olgan.
Yevropa Ittifoqi AQShga bosim o‘tkazib, Rossiyadan Yevropa mamlakatlariga gaz yetkazib berish uchun to‘lovlarda muhim rol o‘ynaydigan «Gazprombank»ka qarshi sanksiyalarni yumshatish yo‘llarini topishni so‘ramoqda.
Munozaralar Yevropaning ayrim hukumatlari va kompaniyalari «Gazprombank»ka qarshi sanksiyalar mintaqaga uzluksiz gaz yetkazib berish uchun xavf tug‘dirishi haqida ogohlantirganidan so‘ng boshlagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya gazi uchun to‘lovlar faqat «Gazprombank» orqali amalga oshirilishi haqidagi talabni bekor qilganidan beri munozaralar davom etmoqda.
Gurjistonga xalqaro bosim
Yevropa Ittifoqi Gurjiston bilan vizasiz rejimni bekor qilishi mumkin. Niderlandiya hukumati YeI rahbariyatiga Gurjiston bilan vizasiz rejimni to‘xtatish taklifini kiritdi. Bu qaror Tbilisida norozilik namoyishlari kuch bilan tarqatilganidan keyin qabul qilingan.
Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp Gurjistonda namoyishchilar va jurnalistlarga qarshi zo‘ravonlikni tanqid qilib, siyosatchilarning hibsga olinishi nomaqbul ekanini ta’kidladi. Uning yozishicha, Yevroittifoq «Gurjiston orzusi» partiyasining yuqori martabali amaldorlariga qarshi qo‘llangan sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken ham Gurjiston hukumatini repressiya va zo‘ravonliklarni to‘xtatishga chaqirib, demokratik jarayonlarga putur yetkazganlar javobgarlikka tortilishi mumkinligini ta’kidladi.
Shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 5 dekabr kuni Gurjiston hukumatining 19 vakiliga qarshi sanksiyalar joriy etganini e’lon qildi.
Mavzuga oid
13:18
Otashkesimga yaqin kelgan G‘azo, pulini o‘zgartirayotgan Eron va nemis jurnalistlariga bosimlar - kun dayjesti
13:59 / 21.12.2024
Suvsiz qolayotgan g‘azoliklar, Polshaga borishdan cho‘chiyotgan Netanyahu va G‘arbiy Afrikaning yagona valutasi - kun dayjesti
14:33 / 20.12.2024
Yamanni bombalagan Isroil, Suriyaga qaytayotgan qochqinlar va Rossiyada ko‘pxotinlikka ruxsat - kun dayjesti
13:16 / 19.12.2024