O‘zbekiston | 13:08 / 07.12.2024
10095
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Turkmanistonda brom ishlab chiqarishni boshlashi mumkin

"Shovot-Dashoguz" chegaraoldi savdo zonasini yaqin muddatda ishga tushirish ham rejalashtirilmoqda.

Turkmanobod shahrida O‘zbekiston – Turkmaniston ikkinchi hududlararo forumi va Made in Uzbekistan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar har ikki davlatda milliy mahsulotlar ko‘rgazmasini o‘zaro o‘tkazish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmlarini oshirishga katta hissa qo‘shishini ta’kidladi.

Made in Uzbekistan ko‘rgazmasida mamlakatning avtosanoat, kimyo, farmatsevtika, neft-gaz, to‘qimachilik, ipakchilik va charm-poyabzal sanoati, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish va turizm sohalari mahsulotlari namoyish etildi.

Turkmaniston rasmiy va biznes vakillari stendlarda namoyish etilgan zamonaviy va yuqori qiymatli milliy mahsulotlarga katta qiziqish bildirgan holda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining ilg‘or tajribasi va yutuqlariga yuqori baho berishdi.

Turkmanobod shahar hokimligida ikki davlat delegatsiyalari ishtirokida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda to‘qimachilik sohasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, kimyo sanoati yo‘nalishida "Mariazot" zavodini rekonstruksiya qilish, Turkmanistonda brom ishlab chiqarish sohasida qo‘shma loyihani amalga oshirish, "Shovot-Dashoguz" chegaraoldi savdo zonasini yaqin muddatda ishga tushirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston – Turkmaniston ikkinchi hududlararo forumida har ikki davlatdan jami 300 dan ortiq rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rag‘batlantirish, kimyo, neft va gaz sohalarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, transport-tranzit va logistika yo‘nalishida muloqotlarni faollashtirish zarurligini qayd etishdi.

Forum doirasida O‘zbekiston va Turkmaniston rasmiy hamda biznes delegatsiyalari o‘rtasida bir qator ishchi uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Ikki kun davom etgan tadbirlar yakunida umumiy qiymati 160 million AQSh dollariga teng bo‘lgan yangi savdo shartnomalari tuzildi.

Mavzuga oid