Jahon | 19:09 / 08.12.2024
20151
7 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Rossiya Ukrainaning Donbassdagi urush boshidan buyon muhim bo‘lgan qal’asini o‘rab olmoqda

Uning egallanishi Dnipro yo‘nalishida yurish boshlanishiga yo‘l ochadi.

Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari Donbass janubida bir vaqtning o‘zida Kuraxovo shahri, Velika Novosilka posyolkasi hamda Pokrovsk shahrining janubiy chekkalarini himoya qilishga urinmoqda — ukrainlar birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq Rossiya armiyasining yurish qilib kelayotgan qismlariga qarshi hujum uyushtirishni o‘ylamoqda. Ammo ukrain mudofaasi bir-biriga bog‘lanmagan qismlarga parchalanishda davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmasi Kuraxovodan janubda, Suxiye Yali daryosi vodiysida qariyb to‘liq qurshov holatiga tushib qolgan. Boshqa guruh Kuraxovoning o‘zida qaqshatqich ko‘cha janglari olib bormoqda, Rossiya qo‘shini esa shaharni bir necha tomondan o‘rab olgan. Ukraina qurolli kuchlari Pokrovskdan janubda ham Rossiya hujumlarini to‘xtata olmayapti. Bu yerda RF qurolli kuchlari 10 kilometr masofaga ilgarilagan hamda muhim yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Nihoyat, ukrain qismlari bor imkoniyati bilan qarshi hujum uyushtirib, Velika Novosilkani o‘rab olishni maqsad qilgan Rossiya qo‘shinini chekintirishga urinmoqda.

Velika Novosilka

RF qurolli kuchlari Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasidagi ushbu qal’a-posyolkaning sharqiy chekkasiga bostirib kirgan — bu punkt ko‘p yillardan buyon Rossiya armiyasining Dnipro shahri janubi-sharqidagi katta hududlarga yurish boshlashini to‘sib turgandi.

Xuddi shu vaqtda Rossiyaning boshqa bir guruhi Velika Novosilkadan shimolda ilgarilab, Razdolne qishlog‘ini egallagan va rayon markazini Ukraina qurolli kuchlarining Noviy Komar qishlog‘idagi front orti bazasi bilan bog‘lovchi yo‘lni to‘sib qo‘yishga urinmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari Noviy Komar atrofida Rossiya kuchlariga qarshi qarshi hujumga o‘tgan, ikki tomondagi manbalarga ko‘ra, rossiyaliklar qishloqdan surib chiqarilgan.

Ukraina qurolli kuchlari ushbu yo‘l ustidan nazoratni boy beradigan bo‘lsa, Velika Novosilkada himoyalanayotgan ukrain qismlari Selidove va Donbassning boshqa aholi yashash punktlari mudofaasi taqdirini takrorlaydi: ular ro‘paradan qilinayotgan hujumlar sharoitidagi qurshov xavfi ostida pozitsiyalarini tark etib, yo‘lsiz hududlar bo‘ylab chekinishiga to‘g‘ri keladi. RF qurolli kuchlari Blahodatne qishlog‘i egallangach, posyolkaning janubiy chekkasiga «ro‘paradan» hujum qilmoqda.

Velika va Novosilka hamda Kuraxovo oralig‘ida Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida bo‘shliq yuzaga kelgan. RF qurolli kuchlari, katta ehtimol bilan, yaqin vaqtlar ichida Razdolnedan nafaqat janubga — rayon markaziga, balki shimolga, muhim Donetsk — Zaporijjya yo‘li yo‘nalishida ham hujum boshlashi mumkin.

Kuraxovo

Bir necha haftalik og‘ir janglardan keyin RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi Kuraxovo atrofida ukrainlar mudofasini parokanda qilish bo‘yicha barcha rejalarini amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Rossiya qo‘shini Kuraxovo suv omborining shimoliy sohilini to‘liq egallagan (shaharning o‘zi janubda joylashgan). Shundan keyin RF qurolli kuchlari suv omborining g‘arbiy chekkasiga chiqishgan. Ukrainadagi manbalar xabar berishicha, raqib Stariye Terni posyolkasi hududida Volchya daryosida suv omborini hosil qilgan damba oldiga kelishgan. RF qurolli kuchlari daryoni kechib o‘tadigan bo‘lsa, ular Donetsk — Zaporijjya yo‘li yo‘nalishida hujumga o‘tishi mumkin bo‘ladi. Bu Kuraxovoni «katta yer» bilan bog‘lovchi oxirgi yo‘l hisoblanadi.

Kuraxovodan janubda Rossiya qo‘shini Uspenovka qishlog‘iga yetib kelgan, Suxiye Yali daryosi vodiysidagi ukrain armiyasiga ta’minot yetkazib beriladigan yagona yo‘l shu joydan o‘tadi. Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari vodiyni shoshilinch tarzda tark etmoqda: ular bir necha kun ichida daryo bo‘yidagi Yelizavetovka, Ilinka va Romanovka qishloqlarini boy bergan.

Kuraxovo markazida esa ukrain garnizoni RF qurolli kuchlarining ro‘paradan qilayotgan hujumlarini qaytarishga urinmoqda. Rossiya qo‘shini allaqachon shaharning sharqiy chekkasidagi ko‘p qavatli binolarni to‘liq hamda shahar markazidagi ko‘p qavatli uylarning bir qismini egallab olgan.

Pokrovsk

Rossiya qo‘shini Pokrovsk va Kuraxovo oralig‘idagi Selidoveni egallagach, bir necha hafta davomida janub tomon — Kuraxovo suv omboriga yurishni rivojlantirdi. Ammo endi g‘arbga zarba berish boshlangan.

Ikki hafta ichida Petrovka, Pustinka, Jyeltoye qishloqlari egallangan. Keyin RF qurolli kuchlari kutilmaganda Pokrovsk — Konstantinopol — Velika Novosilka yo‘liga yorib kirgan.

Endi Rossiya qo‘shini Pokrovskka janubdan ham yaqinlashmoqda. Ular Novopustinkani egallab, Pokrovskdan olti kilometr masofadagi Shevchenkoga kirgan. Boshqa guruh allaqachon shaharga sharq tomondan yetib kelgani inobatga olinsa, ishonch bilan aytish mumkinki, RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi Pokrovskni qurshab olish barobarida shturm qilish bilan kechadigan odatiy amaliyotga tayyorlanmoqda. Ammo, Kuraxovo va Velika Novosilkadagidan farqli o‘laroq, Pokrovskda bunday amaliyot hali dastlabki bosqichida.

Chasiv Yar

RF qurolli kuchlari Chasiv Yarda, Baxmutdan Konstantinovkagacha bo‘lgan hududlar kaftdek ko‘rinib turadigan tepaliklarni egalladi.

Bu hududda Ogneuporniy kombinati joylashgan bo‘lib, u shu vaqtgacha Ukraina qurolli kuchlarining kuchli istehkomi vazifasini o‘tayotgandi. Dekabr oyi boshiga kelib Rossiya qo‘shini kombinatning janubiy qismidagi binolarning bir qismini egallashga muvaffaq bo‘lishdi.

Ukraina qurolli kuchlari bostirib kelgan Rossiya qismiga qarshi hujum uyushtirishga urinmoqda. Ammo ularning shahardagi vaziyati yomonlashib bormoqda: ruslarning kombinatdan janubroqda jang olib borgan qo‘shni bo‘linmasi muvaffaqiyatidan foydalangan holda RF qurolli kuchlarining boshqa zarbdor guruhi Chasiv Yarga shimoldan, o‘rmon orqali hujum qilishi mumkin.

Mavzuga oid