«Men va Putin» - Turkiya prezidenti dunyoda faqat ikki yetakchi qolganini aytdi
Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 22 yildan buyon davlat rahbari ekani, Putinning hokimiyatda bo‘lib kelgan muddati ham shunga yaqinligini, qolgan barcha ketganini ta’kidladi.
Dunyoda faqat ikki yetakchi – Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Rossiya prezidenti Vladimir Putin qoldi. Bu haqda Turkiya rahbari G‘oziantep viloyatida yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb yozdi Hurriyet.
«Hozir dunyoda faqat ikki yetakchi qoldi: men va Vladimir Putin. Buni o‘zim bo‘lgani uchun emas, haqiqat bo‘lgani uchun aytyapman. Vakolat muddatimga 22 yil bo‘ldi. Janob Putinniki ham shunga yaqin. Qolgan barcha ketdi... Bunda siyosatni davom ettirish muhim», dedi Erdo‘g‘an.
Uning fikricha, 16 yil lavozimda bo‘lgan Germaniya kansleri Angela Merkel iste’foga chiqishi bilan «Germaniyada siyosat tugagan».
Turkiya prezidenti, shu bilan birga, Merkeldan oldingi 1998-2005 yillarda Germaniya kansleri bo‘lgan Gerhard Shryoderni ham esladi. Erdo‘g‘an uning turk xalqi va madaniyatiga alohida hurmat ko‘rsatganini qayd etdi. Jumladan, Ramazon oyida bir dasturxonda pivo ichmaganini, musulmon urf-odatlariga hurmat namoyon etganini aytdi. Turkiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, ular o‘rtasidagi muloqot davom etmoqda va Shryoder vaqti-vaqti bilan Turkiyaga kelib turadi.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Shryoderning Germaniya siyosatida kuchli mavqega ega ekanini ta’kidlab, Turkiyaning ichki siyosiy hayotida ham shunga o‘xshash shaxslar paydo bo‘lishiga umid bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida, Putin 2000 yildan beri Rossiya prezidenti. 2008-2012 yillarda u Dmitriy Medvedev prezidentligi davrida bosh vazir bo‘lgan. 2024 yil mart oyida Putin beshinchi muddatga - 2030 yilgacha saylangan.
Erdo‘g‘an 2003-2014 yillarda Turkiya bosh vaziri bo‘lgan, 2014 yildan buyon esa mamlakat prezidenti. 2023 yilda u uchinchi muddatga - 2028 yilgacha saylangan.
Mavzuga oid
00:45
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
20:38 / 20.12.2024
Erdo‘g‘an Suriya shimolidagi terrorchilarni zararsizlantirish vaqti kelganini aytdi
07:55 / 20.12.2024