Jahon | 08:32 / 09.12.2024
6025
2 daqiqa o‘qiladi

Qurolli guruhlar Suriya shimolida kurdlarga qarshi janglar olib bormoqda

Suriya milliy armiyasi qurolli kuchlari kurdlar nazoratidagi Manbij shahri uchun shiddatli janglarni olib bormoqda.

Foto: Mutez Muhammed/Anadolu/picture alliance

Kurd qurolli kuchlari bir necha kundirki, Suriya shimolidagi Manbij shahri hududida Suriya milliy armiyasi (SNA)ga tegishli qurolli guruhlarning yirik hujumlarini qaytarishda davom etmoqda. Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) ma’lumotlariga ko‘ra, 8 dekabr, yakshanba holatiga ko‘ra, Anqara tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Ozodlik tongi» operatsiyasida ishtirok etgan kuchlar aholi punktining bir necha mavzelarini egallab olgan.

Jangarilarning o‘zi Manbij ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilganini e’lon qilgan. O‘z navbatida, Manbij harbiy kengashi – kurdlar boshchiligidagi Suriya demokratik kuchlari (SDF)ning  harbiylashtirilgan kuchlari bu da’volarni yolg‘on deb atadi. «Bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deya ta’kidladi Harbiy kengash matbuot markazi.

SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, aholi punkti uchun olib borilgan shiddatli janglar natijasida 26 kishi: Harbiy kengashning 17 a’zosi va turkparast kuchlarning 9 nafar jangchisi halok bo‘lgan. Jangovar sharoitlarda halok bo‘lganlar soni haqidagi ma’lumotni tekshirishning iloji yo‘q.

Suriyada isyonchilar hokimiyatni egallab oldi

Qurolli guruhlar noyabr oyi oxirida Suriya prezidenti Bashar Asad hukumat kuchlariga qarshi keng ko‘lamli hujum boshladi. Bir necha kun ichida ular bir qancha yirik shaharlarni nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘lishdi. 8 dekabr kuni Suriya isyonchilari davlat televideniyesi orqali poytaxt Damashqqa kirib, Bashar Asad rejimini ag‘darganliklarini e’lon qildi. Damashqqa yurish bilan bir vaqtda isyonchilar ittifoqi mamlakatning shimoli va shimoli-sharqiga yo‘l oldi.

Rossiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Asad «prezidentlik lavozimini tark etishga qaror qilgan» va Suriyani tark etgan. TASS agentligi o‘z manbalariga tayanib, u oilasi bilan Moskvada ekanini ma’lum qildi.

Mavzuga oid