Umraga noqonuniy yuborgan turoperatorlar javobgarlikka tortildi
Lisenziyaga ega bo‘lmasdan umra xizmatini ko‘rsatish bilan shug‘ullangan yuridik shaxslar aniqlanib, ish qo‘zg‘atildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita umra tadbirlarini noqonuniy tashkil etgan turoperatorlar javobgarlikka tortilayotganini ma’lum qildi.
Qayd qilinishicha, Saudiya Arabistoniga borib, Makkada mehmonxonadan chiqarib yuborilgan hamda qaytish uchun aviachiptaga ega bo‘lmagan o‘zbekistonlik va tojikistonlik 93 nafar fuqarodan qo‘mitaga murojaat kelib tushgan. Ta’kidlanishicha, ziyoratchilar tegishli litsenziyasiz, noqonuniy faoliyat olib borayotgan Yusro Tour, Muslim Travel, Meta Travel hamda Elchi Travel turoperatorlari orqali Saudiya Arabistoniga borgan.
O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari tomonidan holat o‘rganilganda, turoperatorlar tomonidan mehmonxona pullari to‘lab berilmagani sababli ziyoratchilar mehmonxonadan chiqarib yuborilgani aniqlangan. Turoperator mehmonxonadan 35 ming dollar miqdorida qarzdor bo‘lgan.
Saudiya Arabistonida qolib ketgan fuqarolar qaytarilib, umra tadbirlarini noqonuniy tashkil etganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Xususan, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidagi Ultra Parvoz, Toshkent shahridagi Yasin Travel turfirmasi litsenziyaga ega bo‘lmasdan fuqarolarni ziyoratga yuborgan. Turfirmasi fuqarolarga Saudiya Arabistonining bir yillik sayyohlik elektron vizasini rasmiylashtirib bergan.
Turfirma vakillari o‘zbekistonliklarning Saudiyaga borish-qaytish aviachiptalarining elektron nusxasini bergan. Biroq Jidda—Toshkent yo‘nalishidagi bu aviachiptalar qalbaki bo‘lib chiqqan. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Namangan viloyatida Atlas Travel turfirmasi 30 nafar fuqaroni umraga yuborish uchun aviachipta va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 31900 dollar olib, 8 noyabr kuni Toshkent—Dubay—Jidda yo‘nalishida Saudiya Arabistoniga yuborgan. Biroq fuqarolarning qaytishi uchun aviachiptalarni rasmiylashtirmasdan 8900 dollarni o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Farg‘ona viloyatidagi Mahdiy Travel, Parvoz Ekspress hamda «Muhayyo 22−10» turfirmalari ham fuqarolarga tegishli litsenziyasiz noqonuniy faoliyat ko‘rsatgan. Oqibatda ikkita firma rahbari va bir nafar fuqaroga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Hukumat qarori bilan litsenziya uchun bir qancha talab va shartlar joriy etildi. Shundan so‘ng, Diniy qo‘mita umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya bergan edi.
Lisenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan umra xizmatini ko‘rsatish BHM 200 baravari (75 million so‘m) miqdorida jarimaga sabab bo‘lishi belgilangan.
Mavzuga oid
14:34 / 20.12.2024
Yangilangan Bojxona kodeksi loyihasi ishlab chiqiladi
14:30 / 20.12.2024
O‘zbekistonda kamida 100 mlrd so‘m soliq to‘layotgan 142 nafar “chempion” tadbirkor paydo bo‘ldi
14:14 / 20.12.2024
Tadbirkorlarning tashqi moliya bozorlariga chiqishiga ko‘maklashuvchi markaz ochiladi
14:12 / 20.12.2024