Jamiyat | 07:50 / 11.12.2024
1841
2 daqiqa o‘qiladi

700 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

Andijon viloyatining Bo‘ston, Samarqand viloyatining Oqdaryo hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi. 

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berishicha, Bo‘ston tumanida “E.O.” fermer xo‘jaligi rahbari D.E. va boshqalar xo‘jalik yer maydonlarini sug‘orish uchun suv nasosini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulagan. Natijada jami 310,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Oqdaryo tumanida “Yangiqo‘rg‘on” MFY hududidagi “X-X.” xususiy korxonasi rahbari J.X. elektr qurilmalarni tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulagan. So‘ng 259,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

To‘rtko‘l tumanida “Shabbaz” OFY hududidagi xonadonda yashovchi fuqaro S.Yu. o‘z uyida gaz hisoblagich uskunasidan tashqari gaz tarmog‘iga yashirincha ulangan. Oqibatda 129,4 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid