Bloomberg: Oq uy Rossiya neftiga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda
Tramp qaytishidan oldin Bayden ma’muriyati Rossiyaga qarshi «qat’iy harakatlarga ochiq», deb yozadi Bloomberg.
AQShning lavozimidan ketadigan prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Donald Trampning Oq uyga qaytishi arafasida Kremlga bosimni kuchaytirish uchun Rossiya neft eksportiga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg 11 dekabr, chorshanba kuni yozmoqda.
Ehtimoliy yangi cheklovlar tafsilotlari hali ishlab chiqilmoqda, biroq jarayon bilan tanish bo‘lgan bir necha manba Bloomberg agentligiga aytganidek, sanksiyalar Rossiya Federatsiyasidan neft eksportining bir necha turlariga ta’sir qilishi mumkin. Agentlik qayd etishicha, Bayden ma’muriyati, ayniqsa, prezidentlik saylovlari arafasida energiya narxi oshishidan qo‘rqib, bu qadam bo‘yicha uzoq vaqt ikkilangan. Biroq, neft narxining tushishi va Tramp Ukrainani Rossiya Federatsiyasiga yon bosishga majburlashi mumkinligidan xavotir kuchayib borayotgan bir paytda, Bayden ma’muriyati «endi yanada qat’iyroq harakatlarga tayyor», dedi Bloomberg manbalari.
Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Oq uy soyadagi flotga qaratilgan yangi sanksiyalarni joriy etish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda, uning yordamida Moskva Rossiya neftiga nisbatan narx chegarasini chetlab o‘tadi. Qayd etilishicha, yaqin haftalarda yangi cheklovlar joriy etilishi mumkin, bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi ham xuddi shunday choralarni ko‘rishni rejalashtirmoqda. AQSh Milliy xavfsizlik kengashi va Moliya vazirligi vakillari izoh berishdan bosh tortdi, deb yozadi Bloomberg.
WP: RFning dronlar bilan muammolari sanksiyalar samarasidan darak beradi
Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urushda qo‘llanayotgan "Geran-2" uchuvchisiz uchish apparatlari bilan bog‘liq texnik nosozliklar Moskvaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarning samarasini ko‘rsatadi. Bu haqda Amerikaning The Washington Post (WP) gazetasi 5 dekabr kuni o‘z ismlarini ko‘rsatmaslikni istagan g‘arbiy va ukrainalik harbiy tahlilchilarga tayanib yozdi.
Eronning Shahed-136 uchuvchisiz uchog‘ining ruscha versiyasi bo‘lgan dronlar bir necha hollarda keskin burilishlar paytida nazoratdan chiqib ketgan. Ba’zilari qulagan, boshqalari esa yo‘nalishni to‘g‘rilagan, ammo havo hujumidan mudofaa tizimlarining oson o‘ljasiga aylangan, deya tushuntiradi nashr. WP suhbatdoshlari UUAning noodatiy xatti-harakatlari kuchayishini past sifatli komponentlar, ya’ni uchuvchisiz uchoq parvozdagi harakatini tartibga solishga yordam beradigan motorcha bilan bog‘lashdi.
Mavzuga oid
13:31
BMW Rossiyaga avtomobil yetkazish bilan bog‘liq qonunbuzarliklarni tan oldi
09:12
Ukraina: Rossiya KXDR askarlariga soxta hujjatlar beryapti
23:25 / 22.12.2024
Rossiyada safar sumkasi ichidan o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi
00:36 / 22.12.2024