Jahon | 11:05 / 11.12.2024
1983
4 daqiqa o‘qiladi

RF QKning Zaporijjyaga zarbasi oqibatida klinikaga zarar yetdi

Zaporijjya oblasti ma’muriyati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlarining Zaporijjyaga bergan zarbasi natijasida xususiy klinikaga zarar yetgan, bir necha kishi halok bo‘lgan. Vayronalar ostidan odamlarni qidirish davom etmoqda.

Foto: Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati

Rossiya Qurolli kuchlarining Zaporijjyaga bergan zarbasi natijasida ofis binosi vayron bo‘lgan, tibbiyot punkti shikastlangan. Bu haqda 10 dekabr, seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Telegramʼdagi sahifasida ma’lum qilindi.

Zaporijjya oblasti ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov o‘z navbatida Telegramʼda 16 kishi jarohatlanganini, uch kishi halok bo‘lganini yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar orasida ikki shifokor ham bor.

Qutqaruvchilar Rossiya raketasi tomonidan nishonga olingan xususiy klinika vayronalari ostidan odamlarni qidirmoqda, dedi Fedorov. Voqea joyida barcha xizmatlar ishlamoqda, uchta tibbiy brigada navbatchilik qilmoqda. Qurbonlar soni yanada ortishi mumkin.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati (FVDX) kechqurun ma’lum qilishicha, vayronalar ostidan ikki ayol qutqarib olingan. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, xususiy klinikaga uyushtirilgan hujum natijasida 4 kishi halok bo‘lgan, 21 kishi yaralangan.

RFning Zaporijjya va Kriviy Rigga zarbalari: kamida 12 qurbon

6 dekabr kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning sharqiy mintaqalari – Zaporijjya va Kriviy Rigga zarbalar berdi. Bu haqda mahalliy hokimiyat vakillari Telegram-kanallarida xabar tarqatdi.

«To‘qqiz kishi halok bo‘ldi, o‘n yetti kishi yaralandi, shu jumladan ikki bola — dushmanning Zaporijjyani o‘qqa tutishi qurbonlari soni ortdi», deb yozdi Zaporijjya oblast ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov Kiyev vaqti bilan soat 20.00 da. Telegramʼdagi yozuvlarga ko‘ra, zarbaning o‘zi ikki soat oldin sodir bo‘lgan.

Keyinroq 10 kishi halok bo‘lgani, 20 kishi yaralangani, qurbonlardan biri, 23 yoshli erkakning ahvoli og‘ir ekanligi ma’lum bo‘ldi. «Texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasi (TXS) vayron bo‘ldi, yaqin atrofdagi uylar va do‘konlarga zarar yetdi», deb yozadi Fedorov. Avvalroq Ukraina Bosh prokuraturasi 6 dekabr kuni taxminan soat 18.00da Rossiya armiyasi Zaporijjya rayonlaridan birini avianishonga olgani haqida xabar bergan edi.

Kriviy Rigda, Dnipropetrovsk oblast harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisakning xabar berishicha, hujum nishoni uch qavatli ma’muriy bino bo‘lgan. Ikki kishi halok bo‘ldi, 17 kishi yaralandi, ulardan sakkiz nafari kasalxonaga yotqizildi.

Oblastning Nikopol, Marganets, Pokrov va boshqa kichik shaharlari ham rus qo‘shinlari tomonidan hujumga uchragan — ularda ikki kishi yaralangan. 13 ta xususiy uy, yettita xo‘jalik binosi, beshta garaj va uchta mashina shikastlangan, deb yozadi Lisak.

Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi 1000 kundan ortiq davom etayotgan tajovuzkor urushi boshlanganidan beri Rossiyaning Ukraina shaharlariga havo hujumlari deyarli har kuni sodir bo‘lyapti. Rossiya va uning qurolli kuchlari rasmiylari Rossiya armiyasi Ukrainadagi faqat harbiy nishonlarga hujum qilishini da’vo qilishda davom etmoqda, biroq bu da’volar mustaqil manbalar, jumladan jurnalistlar tomonidan bir necha bor rad etilgan.

Mavzuga oid