Jahon | 14:20 / 20.12.2024
1008
2 daqiqa o‘qiladi

GFR politsiyasi mamlakat biznesini RF diversiyasi tahdidi haqida ogohlantirdi

Reuters agentligining xabar berishicha, Federal jinoiy politsiya boshqarmasi Germaniyadagi kompaniyalarni Kreml topshirig‘i bilan amalga oshirilayotgan diversiyalar, kuzatuv va boshqa zararli faoliyatlar xavfi haqida ogohlantirgan.

Foto: Susann Prautsch/dpa/picture alliance

Germaniyada Federal jinoiy politsiya boshqarmasi (BKA) mamlakat korxonalariga Rossiya manfaatlari va ko‘rsatmalari bilan sodir etilishi mumkin bo‘lgan qo‘poruvchilik harakatlari haqida ogohlantirish bilan murojaat qildi. Bu haqda Reuters 19 dekabr, payshanba kuni agentlik ko‘rib chiqishga muvaffaq bo‘lgan maxfiy hujjatga tayanib yozmoqda.

Ta’kidlanishicha, Rossiya hukumati topshiriqlarini bajaruvchi shaxslar tomonidan ehtimoliy zararli harakatlar doirasi keng: kuzatuv va tashviqotni tarqatish bilan bog‘liq huquqbuzarliklardan diversiyalargacha. Germaniya jinoiy politsiyasiga ko‘ra, oxirgi holatda korxonalarning muhim infratuzilmasi zarar ko‘rishi mumkin.

GFRda RFning qanday zararli harakatlaridan qo‘rqishyapti?

Shu bilan birga, BKA kompaniyalarni ruxsatsiz foto va videoga olish, kompaniya hududiga ruxsatsiz kirish yoki graffiti yozish kabi unchalik og‘ir bo‘lmagan huquqbuzarlik holatlarida hushyor bo‘lishga chaqiradi. Aftidan, politsiya o‘t qo‘yish yoki portlash sodir bo‘lishini istisno qilmayapti.

Shu munosabat bilan maktubda so‘nggi oylarda harbiy obektlar, STG yoki neft terminallari, dengiz portlari va logistika kompaniyalari ustidan qayd etilgan noma’lum dronlarning parvozlari ko‘rsatilgan.

Boshqa narsalar qatorida, korxonalar tajovuzkorlarning o‘z xodimlari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqa o‘rnatishga urinishlari haqida ogohlantirilmoqda.

Reuters eslatishicha, Rossiya tomoni G‘arbda diversiyalar sodir etganlik haqidagi barcha ayblovlarni qat’iyan rad etadi. Rossiyaning Berlindagi elchixonasi jurnalistlarga izoh bermadi.

Mavzuga oid