Suriyaliklarni vataniga qaytarish mojarosi: Shols vazminlikka chaqirdi
Germaniya kansleri suriyalik qochqinlarning o‘z vataniga qaytishi bo‘yicha Germaniyada avj olgan munozaralar fonida asosiy vazifa Suriyada odamlarning xavfsiz yashashini ta’minlashdan iborat ekanini aytdi.
Germaniya kansleri Olaf Shols suriyaliklarning Germaniyadan vataniga qaytarilishi haqidagi munozaralarda vazminlikka chaqirdi. «Endi bizning vazifamiz u yerda xavfsiz muhit yaratish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaslik, demokratiyani dunyoga keltirish va turli dinlarga mansub odamlar normal birga yashashini ta’minlashdir», dedi Shols 10 dekabr, seshanba kuni ARD telekanalida Suriyadagi vaziyat haqida.
«Ehtimol, agar hamma narsa yaxshi kechsa, ko‘pchilikning o‘zi endi o‘z mamlakatini qayta tiklashda ishtirok etishni xohlashini aytishadi», deb tushuntirdi Germaniya kansleri Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin suriyalik qochqinlarning o‘z vatanlariga qaytishi haqidagi munozaralarni sharhlar ekan. Biroq, ayni damda Suriyadagi vaziyat «juda va juda xavfli» bo‘lib qolmoqda, deya eslatdi u.
Olaf Shols Suriyada Asad rejimi ag‘darilganini olqishladi
«Bashar Asad o‘z xalqiga shafqatsizlarcha zulm qildi, u son-sanoqsiz odamlar hayoti uchun javobgardir, ular Suriyani tark etishga majbur bo‘ldi, ko‘pchiligi Germaniyaga ko‘chib o‘tdi, shuning uchun Suriyada Asad hukmronligining tugashi yaxshi xabar», — Germaniya kansleri Olaf Sholsning ushbu bayonoti 8 dekabr kuni Germaniya hukumati matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
«Hozir Suriyada huquq va tartibni tezda tiklash muhim. Barcha diniy jamoalar va ozchiliklar hozir va kelajakda himoya qilinishi kerak. BMT Xavfsizlik Kengashining 2254-rezolyutsiyasiga muvofiq Suriyadagi mojaroga siyosiy yechim topish hali ham mumkin», — deyiladi hujjatda.
Shols qo‘shimcha qilishicha, Berlin bo‘lajak Suriya hukumatini barcha suriyaliklarga munosib va o‘z taqdirini o‘zi belgilash imkoniyatini taqdim etishi hamda «Suriya suverenitetini uchinchi tomonlar g‘arazli aralashuvidan himoya qilishi va o‘z qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashay olishi» yuzasidan baholaydi.
Mavzuga oid
22:22
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
17:10
Bashar Asadning rafiqasi ajrashishga ariza berdi - Haberturk
00:45
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
19:06 / 22.12.2024