Shols nemis kompaniyalarini Ukrainaga sarmoya kiritishga chaqirdi
Germaniya kansleri Olaf Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga investitsiyalar «Yevropa Ittifoqining kelajakdagi a’zosiga sarmoyadir».
Germaniya kansleri Olaf Shols 11 dekabr, chorshanba kuni Berlinda Germaniya-Ukraina iqtisodiy forumini ochar ekan, nemis kompaniyalarini Ukrainaga ko‘proq sarmoya kiritishga chaqirdi. «Agar siz bugun va kelgusi yillarda Ukrainaga sarmoya kiritsangiz, demak, siz Yevropa Ittifoqining bo‘lajak a’zosiga investitsiya kiritgan bo‘lasiz», dedi Shols. U Germaniya va Ukraina o‘rtasidagi birinchi qo‘shma korxonalar mudofaa sanoatida allaqachon paydo bo‘lganini qo‘shimcha qildi. «Menimcha, bu dinamik ravishda davom etishi kerak», dedi Shols.
Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, urushdan keyin Yevropa Ukrainadagi iqtisodiy o‘sish sur’atlari va rivojlanish imkoniyatlarini ko‘radi, «bu ilgari faqat so‘nggi yigirma yil ichida Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgan Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida kuzatilgandi». Germaniya iqtisodiyoti ushbu muvaffaqiyat tarixida katta rol o‘ynadi va ulardan foyda ko‘rdi, deb davom etdi Shols. «Men Ukrainaga nisbatan ham shunga o‘xshash narsani xohlayman», deb xulosa qildi kansler.
Hammasi bo‘lib, uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada 2000 ga yaqin nemis kompaniyasi ishlaydi. «Ularning ko‘pchiligi qo‘shimcha sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Siz mamlakatni qayta tiklashga yordam beryapsiz», — dedi Shols. Kansler Ukrainaning YeIga qo‘shilishidan oldin hali ko‘p yo‘l bosib o‘tishi kerakligini ta’kidladi. Biroq, bu jarayon «Ukraina nafaqat madaniy va siyosiy jihatdan Yevropaga tegishli ekanligiga, balki Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat bo‘lishiga – undan kelib chiqadigan barcha huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishiga ishonch paydo qiladi».
Shols: Ukraina qochqinlarga Germaniyada ish topishda yordam bermoqchi
Kiyev rasmiylari ukrainalik qochqinlarning Germaniyada ish topishida yordam bermoqchi. Bu haqda 4 dekabr kuni Germaniya kansleri Olaf Shols aytdi, deb yozmoqda Reuters agentligi.
Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy unga Germaniya va Polshada qochqinlarga ish topish yoki o‘z vatanlariga qaytishda yordam beradigan Ukraina organlarini yaratish niyatida ekanligini aytdi. «Biz bu yo‘nalishda hamkorlik qila olamiz», deb ta’kidladi Germaniya vazirlar mahkamasi rahbari Bundestag deputatlarining savollariga javob berar ekan.
Germaniya kansleri 2 dekabr kuni Ukrainaga tashrif buyurdi va u yerda Zelenskiy bilan uzoq muddatli uchrashuv o‘tkazdi.
Reuters ta’kidlaganidek, Germaniyadagi milliondan ortiq qochqinning ko‘pi bu mamlakatda ish topmagan. Shu bilan birga, Kiyev rasmiylari harbiy xizmatga yaroqli erkaklarni vataniga qaytarishdan manfaatdor.
Mavzuga oid
21:42
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024