Jahon | 08:42 / 13.12.2024
6268
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainani lend-lizsiz qoldirdi

AQShning 2025 yilga mo‘ljallangan yangi mudofaa budjeti loyihasida lend-liz haqida hech qanday gap yo‘q. Ukrainaning Vashingtondagi elchisi Oksana Markarova bunga e’tibor qaratdi.

Foto: Reuters

AQSh Kongressining Vakillar palatasi 2025 yilga mo‘ljallangan harbiy budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasi (National Defense Authorization Act, NDAA)ni ma’qulladi. 1813 betlik hujjatda Ukraina uchun lend-liz dasturini uzaytirish haqida hech qanday qoida mavjud emas. Ukrainaning Vashingtondagi elchisi Oksana Markarova 11 dekabr, chorshanba kuni bunga e’tibor qaratdi.

Ukraina uchun lend-lizsiz AQSh mudofaa budjeti

«Bu yil Senat tomonidan ma’qullangan NDAA qonun loyihasi Ukrainada demokratiyani himoya qilish uchun lend-liz qonunini uzaytirish qoidalarini o‘z ichiga olgan va Ukrainaning Qo‘shma Shtatlardagi elchixonasi uni faol qo‘llab-quvvatlagan, ammo qonun loyihasida bunday qoida yo‘q. Vakillar palatasi qonun loyihasining birlashtirilgan matnida tegishli band mavjud emas», — deb yozdi Markarova Facebookʼda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik diplomatlar ushbu mexanizmni saqlab qolish ustida ishlamoqda. Bu, xususan, Kongressning ikkala palatasi tomonidan ilgari qabul qilingan Stand with Ukraine Act qonun loyihasida nazarda tutilgan.

Ma’lumot uchun, lend-liz — qurol-yarog‘, o‘q-dori, strategik xomashyo, oziq-ovqatni qarzga yoki ijaraga berish tartibi. Lend-liz to‘g‘risidagi qonun 1941 yil 11 martda AQSh kongressida kabul qilingan. 

AQShda kongressmenlar 2025 yil uchun mudofaa budjetini tasdiqladi

11 dekabr kuni keskin muhokamalardan so‘ng AQSh kongressmenlari 2025 yil uchun munozarali AQSh mudofaa budjetini tasdiqlash uchun ovoz berishdi. Loyiha 895 milliard dollarlik rekord budjetni o‘z ichiga oladi, bu mudofaa xarajatlarini 2024 yilga nisbatan bir foizga oshirishni anglatadi.

Qonun loyihasini 281 kongressmen yoqlab chiqqan bo‘lsa, 140 kishi qarshi ovoz berdi. Ular orasida 124 nafar demokrat va 16 nafar respublikachi bor. Kelgusi hafta hujjat Senatda ko‘rib chiqilishi va mudofaa budjeti loyihasi tasdiqlanishi kutilmoqda. Shundan so‘ng uni AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden imzolashi kerak.

1800 sahifalik hujjat mudofaa, energetika vazirliklari, AQSh Davlat departamenti, shuningdek, razvedka idoralari va milliy xavfsizlik dasturlarini moliyalashtirishni belgilaydi. 2025 yilda amerikalik harbiy xizmatchilarning maoshini kichik serjantlar uchun 14,5 foizga, boshqa xodimlar uchun esa 4,5 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, qonun loyihasida bolalarni boqish va harbiy xizmatchilarning yashash sharoitlarini yaxshilash uchun katta miqdorda mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid