Jahon | 14:44 / 13.12.2024
6884
9 daqiqa o‘qiladi

Harbiy qudratidan ayrilgan Suriya, Ramzon Qodirovning 100 ming jangchisi va yil odami bo‘lgan Tramp - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil Suriyani harbiy qudratdan ayirdi

Isroil armiyasi so‘nggi ikki sutka ichida Suriyaga qariyb 500 marotaba zarba berib, mamlakat harbiy qudratining 80 foizini yo‘q qilganini da’vo qildi.

TSAHAL bayonotiga ko‘ra, ushbu zarbalar Suriyaning strategik qurol zaxiralarini yo‘q qilishga va ularning terrorchi guruhlar qo‘liga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. Hujum natijasida 15 ta harbiy-dengiz kemasi, havo hujumiga qarshi batareyalar va bir necha shaharda qurol ishlab chiqarish majmualari nobud qilingan.

Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin Isroil Suriyaning Jo‘lan tepaliklaridagi demilitarizatsiya qilingan bufer hududini qo‘lga oldi va Hududdagi eng baland ash-Shayx tog‘ining Suriya tomonida nazorat o‘rnatdi.

Fransiya bu hujumlarni qoralab, Isroilni Suriyadagi hududlarni tark etishga chaqirdi. Fransiya tashqi ishlar vazirligi Isroil armiyasini Jo‘lan tepaliklari va Suriya o‘rtasidagi bufer hududdan chiqib ketishga chaqirdi.

Vazirlik vakilining ta’kidlashicha, 1974 yilgi kelishuvga ko‘ra, har qanday harbiy faoliyat ushbu bufer hududda taqiqlangan. Fransiya Isroildan Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qildi.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Iordaniyadagi chiqishida Isroilning Suriyaga zarbalarini «himoya choralari» deb baholab, bu harakatlar qonuniy asosda olib borilayotganini ta’kidladi.

«Katta yettilik» (G7) davlatlari Suriya hududiy yaxlitligi va milliy birligini saqlash, shuningdek, uning mustaqilligi va suverenitetini hurmat qilishni barcha tomonlardan talab qildi.

G7 davlatlari — AQSh, Fransiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya va Germaniya — Suriyadagi vaziyat bo‘yicha qo‘shma bayonot bilan chiqish qildi. Ular BMT Xavfsizlik Kengashining 2254-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq, Suriya xalqi tomonidan boshqariladigan siyosiy o‘tish jarayonini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Liderlar Suriyada inklyuziv siyosiy jarayon orqali barqarorlikni tiklash va xalqaro hamjamiyat qo‘llab-quvvatlashi kerakligini qayd etdi.

Rossiyaning Suriyadagi bazalari taqdiri

Bloomberg nashrining xabar berishicha, Rossiya hukumati Suriyaning yangi rahbariyati bilan Tartus harbiy-dengiz bazasi va Lataqiya yaqinidagi Hmeymim harbiy-havo bazasini saqlab qolish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi bazalarda rossiyalik harbiylarning qolishi haqida norasmiy kelishuvga erishilganini qayd etmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi o‘rinbosari Mixail Bogdanovning ma’lum qilishicha, Rossiya Damashqda Suriya muxolifatining asosiy guruhi — «Hay’at Tahrir ash-Shom» bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda rossiyalik diplomatlar va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilingan.

Moskvaning 2017 yilda Suriya bilan imzolagan 49 yillik kelishuviga ko‘ra, Rossiya mazkur bazalarda katta harbiy quvvat — 7,5 ming askar, zirhli texnika va havo hujumidan himoya tizimlari bilan ta’minlangan.

Hmeymim aviabazasi Kremlning Afrikadagi qator harbiy va siyosiy operatsiyalarda muhim rol o‘ynadi. 2018 yilda bazadan Afrikaga qurolli kuchlar va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bo‘linmalari tashlangan. Ular Markaziy Afrika Respublikasi prezidentini isyonchilardan himoya qilishga yordam bergan.

Bir yil o‘tib, «Vagner» Liviyadagi Xalifa Haftar tomonidan Tripolini bosib olish harakatlarida ishtirok etdi, lekin bu urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Shuningdek, Rossiya Sudan harbiy nizolarida ham o‘z rolini kuchaytirishga harakat qilmoqda.

Hmeymim bazasi orqali Rossiyaning harbiy personal va yuklari Mali, Burkina-Faso va Nigerga yetkazilgan. Bu davlatlardagi qurolli to‘ntarishlar va G‘arb bilan munosabatlar yomonlashgani fonida Rossiya yangi hukumatlar bilan aloqalar o‘rnatdi.

Agar evakuatsiya zaruriyati tug‘ilsa, bu jarayon katta e’tiborni tortishi mumkin.

Ramzon Qodirovning 100 ming jangchisi

Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov Ukrainaga qarshi urushga yuborilmagan 80 mingdan ortiq jangchisi borligini ochiqladi. U bu ma’lumotni Grozniydagi politsiya kazarmasiga dron hujumiga munosabat bildirgan paytda aytib o‘tdi.

Qodirov hujum javobsiz qolmasligini ta’kidlab, Chechenistonda jangga tayyor holda turgan 84 ming kishilik kuchli zaxiraga ega ekanini bildirdi.

Uning qurolli guruhlari urush davomida uch barobarga oshgan, hozirda 19 ta bo‘linmani o‘z ichiga oladi. Ular rasman federal tuzilmalarga bo‘ysunadi, ammo Qodirovning shaxsiy nazoratida. Qodirov oktyabrda 70 ming jangchisi borligini e’lon qilgan, ammo ularning aksariyati Chechenistondan tashqariga chiqmaydi.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, «Axmat» bo‘linmasi frontda kam faollik ko‘rsatmoqda. Urushga yuborilayotgan ko‘ngillilar qisqa tayyorgarlikdan so‘ng yo‘llanadi. Bu Qodirovning Ukraina urushidagi ishtiroki va ta’siriga shubha tug‘dirmoqda.

Hindiston va Rossiyaning neft kelishuvi

Rossiyaning «Rosneft» kompaniyasi Hindistonning Reliance zavodiga kuniga 500 ming barrel neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzdi. Reuters’ning xabar berishicha, bu ikki davlat o‘rtasidagi eng yirik energiya bitimi bo‘lib, uning qiymati yiliga 13 milliard dollarni tashkil etadi.

Kelishuv global neft taklifining 0,5 foizini tashkil qilib, Rossiya va Hindistonning energiya sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlaydi. Ushbu shartnoma Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Hindistonga tashrifi arafasida imzolangan bo‘lib, «Rosneft» har oyda turli navdagi neft va neft mahsulotlarini yetkazib berishni rejalashtirgan.

Kelishuvga muvofiq, tomonlar yillik bozor dinamikasiga asosan narx va hajmni qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

Tramp Ukrainaning zarbalaridan norozi

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukraina tomonidan Rossiya hududiga g‘arb uzoq masofali raketalari bilan zarba berishni qoraladi.

«Men raketa bilan Rossiya hududiga zarbalar berilishini mutlaqo qo‘llab-quvvatlamayman. Bu faqat mojaroni keskinlashtirmoqda», — degan u Time jurnaliga bergan intervyusida.

Tramp Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamdan muzokaralarda foydalanishga intilmoqda. Uning fikricha, Yaqin Sharqdagi mojarolarni hal etish Rossiya-Ukraina urushiga qaraganda osonroq. Saylovoldi va’dalarida Tramp prezidentlikning ilk kuniyoq urushni to‘xtatishga qodir ekanini aytgan, ammo hanuzgacha bu borada aniq reja taqdim qilmagan.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp maslahatchilari muzokaralarni qayta boshlash, Ukrainaga NATOga qo‘shilishni 10 yilga kechiktirish va «avtonom hududlar» yaratishni o‘z ichiga olgan ssenariylarni ko‘rib chiqmoqda.

7 dekabrda Tramp Parijda Zelenskiy va Makron bilan uchrashdi. U Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berish zarurligini ta’kidlab, Putinni urushni yakunlashga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirgan edi.

Donald Tramp — «Yil odami»

TIME jurnali AQSh bo‘lajak prezidenti Donald Trampni «2024 yil odami» deb e’lon qildi. U dunyoga eng katta ta’sir ko‘rsatgan shaxs sifatida tan olindi.

1927 yildan beri jurnal yilning eng ta’sirli shaxslarini tanlab keladi. O‘tgan yilgi g‘olib xonanda Teylor Svift bo‘lgan edi. Bu yilgi nomzodlar orasida Kamala Harris, Keyt Middlton, Ilon Mask, Yuliya Navalnaya, Binyamin Netanyahu, Jyerom Pauell va Mark Tsukerberg ham bor edi.

Tramp 2024 yilgi saylovlarda katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi va uning saylovoldi kampaniyasi davomida suiqasd urinishlari ham bo‘ldi. 2025 yil yanvar oyida u AQSh prezidentligidagi ikkinchi muddatini boshlaydi.

Avstraliyaning internet kompaniyalarga talabi

Avstraliya hukumati Meta va Google kabi kompaniyalarni milliy yangiliklar kontenti uchun davlat g‘aznasiga soliq to‘lashga majbur qiluvchi qonun loyihasini taqdim etdi.

Loyihaga ko‘ra, daromadi 160 million dollardan ortiq bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar va qidiruv tizimlari Avstraliyadagi ommaviy axborot vositalari kontentini o‘z platformalarida joylashtirishi uchun to‘lov amalga oshirishi kerak.

Soliq miqdori hali belgilamagan, ammo kompaniyalar kontent uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul to‘lash to‘g‘risida OAV bilan kelishuvga erishsa, soliqdan ozod qilinadi.

2021 yilgi qonun texnologik kompaniyalarni yangiliklar uchun to‘lov qilishga majburlagan bo‘lsa-da, ular buni chetlab o‘tgan. Yangi qonun shu kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan.

Mavzuga oid