Jahon | 08:02 / 13.12.2024
6751
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarbalar berishga qarshi chiqdi

AQSh saylangan prezidenti Bayden ma’muriyatining Ukrainaga Rossiyaga uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollar bilan zarba yo‘llashga ruxsat bergan qarori haqida: «Biz shunchaki bu urushni kuchaytirmoqdamiz va uni yanada yomonlashtiryapmiz», dedi.

Foto: AFP

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainaga Rossiya hududiga uzoq masofali AQSh raketalari bilan hujumlar uyushtirishiga «qat’iy» qarshi chiqdi. Bu haqda u 12 dekabr, payshanba kuni «yil odami» deb tan olinishi munosabati bilan chop etilgan Time jurnaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Rossiyaga yuzlab kilometr ichkariga raketalar uchirishga mutlaqo qo‘shilmayman. Biz shunchaki bu urushni kuchaytirmoqdamiz va uni yanada yomonlashtiryapmiz», — deya Trampning so‘zlarini keltiradi nashr.

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘xtatiladimi degan savolga, saylangan prezident o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda Amerika yordamidan Rossiyaga qarshi bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishini aytdi. «Men kelishuvga erishmoqchiman va buning yagona yo‘li — Kiyevga yordamni rad etmaslik», — dedi u.

Tramp: Ukrainadagi urushni tugatish ustuvor vazifa bo‘ladi

Ukrainadagi urush imkon qadar tezroq to‘xtatilishi kerak, bu AQSh tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanadi. Bu haqda AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp 11 dekabr kuni chop etilgan Fransiyaning Paris Match jurnaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Suhbat 7 dekabr kuni Parijda o‘tkazildi, u yerga Tramp Notr-Dam soborining restavratsiyadan so‘ng ochilishiga kelgan. Suhbatning asosiy qismi ushbu voqea, AQSh-Fransiya munosabatlari, migratsiya va Yaqin Sharqdagi mojarolarga qaratildi.

Donald Tramp Ukraina haqida gapirar ekan, 2025 yil yanvarida Oq uy rahbari lavozimiga kirishganidan so‘ng Ukrainadagi urushni tugatishni tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirish niyatida ekanini aytdi. «Menimcha, biz Rossiya bilan Ukraina muammosini hal qilishimiz kerak», deb tushuntirdi u. Yaqin Sharq ham «katta ustuvor masala» bo‘lsa-da, u yerdagi vaziyat Ukrainadagiga qaraganda «murakkab emas», dedi Donald Tramp.

Mavzuga oid