Janubiy Koreya prezidentiga impichment e’lon qilindi
Janubiy Koreya parlamentida prezident Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish masalasi bir hafta ichida ikkinchi marta ovozga qo‘yildi. Bu safar 204 deputatning ma’qullashi, 85 a’zoning qarshi ovoz berishi bilan prezident o‘z lavozimiga noloyiq deb topildi. Milliy Assambleyaning ushbu qarori kuchga kirishi uchun uni Konstitutsiyaviy sud tasdiqlashi talab etiladi.
14 dekabr kungi ovoz berishda hukmron “Xalq qudrati” partiyasi prezidentdan yuz o‘girgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Prezidentning partiyasi 7 dekabr kungi impichmentni boykot qilgan, natijada muxolifat davlat rahbarini lavozimidan chetlatishga erisha olmagandi.
Hukmron partiya o‘tgan bir hafta davomidagi namoyishlar fonida prezidentni qo‘llamaslikka qaror qildi.
Impichment to‘g‘risidagi qarorning Konstitutsiyaviy sud tomonidan ko‘rib chiqilishi 6 oygacha davom etishi mumkin. Sudyalar impichmentni yo tasdiqlashi, yoki Yun Sok Yolni lavozimiga tiklashi kerak.
Janubiy Koreyadagi namoyishlar 3 dekabr kuni prezident Yun Sok Yosh kutilmaganda harbiy holat e’lon qilishi ortidan boshlangan edi. U xalqqa murojaatida ushbu qarorini muxolifatning “davlatga qarshi faoliyati” bilan izohlagandi. Ammo ham muxolifatdagi Demokratik partiya, ham hukmron “Xalq qudrati” partiyasining qarshiligi bilan, parlament bir necha soat ichida harbiy holatni bekor qilishni yoqlab ovoz bergandi.
Shundan keyin prezident o‘z fikrini o‘zgartirib, harbiy holatni bekor qildi, keyinchalik xalqdan uzr so‘radi.
8 dekabr kuni mudofaa vaziri Kim Yon Xyon hibsga olindi, keyinroq u tergov izolyatorida o‘z joniga qasd qilishga uringani ma’lum bo‘ldi.
Sobiq mudofaa vaziridan tashqari, prezident Yun Sok Yol va boshqalar ham davlatga xiyonat va hokimiyatni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. Tergov doirasida davlat rahbariga mamlakatdan chiqish taqiqlangan.
U harbiy holat joriy etilishini “yuqori aniqlikda o‘ylangan siyosiy qaror” deb atab, o‘z prezidentlik vakolatidan “millatni himoya qilish va davlat ishlarini normallashtirish” uchun foydalanganini bildirgan. Prezident hukumatning ishi muxolifat tomonidan “falajlab qo‘yilgani” uchun shunday qarorga kelganini aytib, iste’foga chiqishdan bosh tortgan va “oxirigacha kurishishi”ni ta’kidlagan.
Yun Sok Yol – Janubiy Koreyaning 13-prezidenti. U 2019-2021 yillarda mamlakat bosh prokurori bo‘lgan, 2022 yilgi saylovda g‘olib bo‘lib, prezident lavozimini egallagan.
Mavzuga oid
16:31 / 18.12.2024
Isyonda ayblanayotgan Janubiy Koreya prezidenti politsiya so‘roqiga kelmadi
21:54 / 17.12.2024
Janubiy Koreya Toshkent-Samarqand temiryo‘lining yangi tarmog‘ini loyihalashtirishni boshladi
16:45 / 17.12.2024
Janubiy Koreyada armiya bosh shtabi boshlig‘i hibsga olindi
11:00 / 17.12.2024