O‘zbekiston | 15:22 / 14.12.2024
2088
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda besh yilda 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi uy-joy bilan ta’minlandi

Qozog‘istonning "Infozakon" elektron nashri "Milliy armiya – Yangi O‘zbekiston barqarorligini ta’minlashning ishonchli kafolati" sarlavhali maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

"So‘ngi yillarda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarda olib borilgan tub islohotlar natijasida mamlakatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini, xavfsizlik va barqarorlikni, chegaralar daxlsizligini ta’minlay oladigan, shuningdek, xalqning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal qilishga qodir mobil, ixcham va yuqori texnologik milliy armiya shakllandi", – deyilgan materialda.

Bugungi kunda O‘zbekiston armiyasi jismoniy, ma’naviy, ilmiy jihatdan tayyor, shuningdek, zamonaviy qurollardan foydalanish bo‘yicha ilg‘or bilim, ko‘nikmalarga ega.

Nashrda O‘zbekistonda rivojlangan mamlakatlar ilg‘or tajribasi asosida harbiy kadrlar tayyorlash tizimi qayta tashkil etilgani va optimallashtirilgani ma’lum qilingan.

Xususan, yangi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari harbiy instituti va Oliy harbiy aviatsiya maktabi tashkil etildi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasi va Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Qurolli Kuchlarning tibbiyot Akademiyasi tashkil etilib, qisqa vaqt ichida innovatsion qurilmalar va jahon darajasidagi texnologiyalarga asoslangan eng zamonaviy o‘quv-moddiy baza bilan jihozlandi.

Shuningdek, "Temurbeklar maktabi" harbiy-akademik litseylari va boshqa ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlari esa professional kadrlar tayyorlanadigan maskanlarga aylandi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tizimida harbiy ilm-fanni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida, so‘nggi yillarda ilmiy salohiyat 4 foizdan 56,7 foizga yetkazildi.

"Infozakon" elektron nashri, shuningdek, O‘zbekiston harbiy xizmatchilari va ular oila a’zolarining ijtimoiy himoyasi kuchaytirilgani haqida yozgan. "Respublikada "Inson qadri uchun" tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida so‘nggi besh yilda 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi imtiyozli kreditlar asosida uy-joy bilan ta’minlandi. Harbiy xizmatchilarni ish bilan ta’minlash va tibbiy yordam ko‘rsatish masalalari ham e’tibor markazida qolmoqda", – deb yozgan "Infozakon" elektron nashri.

Mavzuga oid