Jahon | 13:20 / 14.12.2024
4148
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Suriyaga bug‘doy eksportini to‘xtatdi

Rossiya bug‘doy eksportchilari Suriyaning yangi rasmiylari bilan bog‘liq noaniqlik va to‘lovlar kechikishi mumkinligidan xavotirda, deb yozadi Reuters.

Prezident Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin Rossiya Suriyaga bug‘doy yetkazib berishni to‘xtatdi. 13 dekabr, juma kuni Reuters agentligi Rossiya va Suriya manbalariga tayanib, rossiyalik eksportyorlar yangi hukumatga oid noaniqlik va to‘lovlar kechikishi mumkinligidan xavotirda ekanini yozdi.

«O‘ylaymanki, hozirgi sharoitda hech kim Suriyaga bug‘doy yetkazib berishga jur’at eta olmaydi», dedi Reuters agentligiga rossiyalik manba.

Suriyaga bug‘doy olib ketayotgan ikki kema manziliga yetib bormadi

Shu bilan birga, Rossiya bug‘doyini Suriyaga olib ketayotgan ikkita kema o‘z manziliga yetib bormadi, deb yozadi agentlik yuk tashish ma’lumotlariga tayanib. Ulardan biri — «Mixail Nenashev» Suriya qirg‘oqlarida turibdi, ikkinchisi — «Alfa Germes» Suriya qirg‘oqlarida bir necha kun turgandan so‘ng Misrning Iskandariya portiga yo‘l olmoqda.

Suriyalik manbaning Reuters agentligiga aytishicha, kemalar to‘lovlar bo‘yicha noaniqlik tufayli kechiktirilgan va Rossiya Suriyaning yangi rasmiylari bilan bu masalani muhokama qilgan.

Mavzuga oid