FT: Suriya hukumati 2018-2019 yillarda Moskvaga ikki tonna naqd pul yuborgan
Jami 250 million dollar miqdoridagi banknotlar tashib borilishi uchun 21 reys amalga oshirilgan.
Suriya banki 2018 yil martidan 2019 yil sentabriga qadar Rossiyaga samolyotlarda dollar va yevro banknotlarining yirik partiyasini yo‘naltirgan, deb xabar berdi 15 dekabr kuni Financial Times gazetasi Import Genius bojxona ma’lumotlari agregatori ma’lumotlariga tayanib.
FT xabarida aytilishicha, Asad rejimi jami ikki tonna og‘irlikdagi 100 dollar va 500 yevro qiymatdagi banknotalarni Moskvadagi Vnukovo aeroportiga tashib borgan. Ko‘rsatilgan davr mobaynida Suriyadan Moskvaga shu maqsadda 21 reys qatnagan, samolyotlarda jami 250 million dollardan ortiq mablag‘ olib o‘tilgan.
Gazeta ikki reysga oid ma’lumotlarni keltirgan: 2019 yil fevralida Suriya markaziy banki Moskvaga 20 million yevro atrofida, o‘sha yil mayida — 10 million dollar mablag‘ yuborgan.
Nashr o‘rgangan hujjatlarga ko‘ra, Moskvaga 2018-2019 yillarda olib borilgan pullar Rossiyaning ikki banki — «Rossiya moliya korporatsiyasi» (RFK) va TsMRBank banklariga o‘tkazilgan. Bu banklar AQSh sanksiyalari ostida. Financial Times qayd etishicha, RFK — Rossiyaning qurol eksporti bo‘yicha davlat kompaniyasi hisoblangan «Rosoboroneksport» tarkibiga kiradi. Bojxona hujjatlariga ko‘ra, Suriya markaziy banki 2018 yilga qadar Rossiya banklariga pul yubormagan.
Nashrning Suriya markaziy banki ma’lumotlari bilan tanish bo‘lgan manbasi xabar qilishicha, 2018 yildayoq mamlakatning xorijiy rezervlari «deyarli nolga teng» edi. Suriyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar tufayli mamlakat markaziy banki Rossiyadan bug‘doy sotib olish, pul bosib chiqarish xizmatlari, shuningdek, «mudofaa» xarajatlari uchun to‘lovlarni naqd shaklda amalga oshirishga majbur edi, deydi gazeta suhbatdoshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, markaziy bank «ombordagi bori» bilan to‘lov qilgan.
Financial Times havola bergan Rossiya hujjatlariga ko‘ra, Moskvaga samolyotlarda katta miqdorda naqd pullar tashilishidan oldingi va keyingi bir necha yil mobaynida Rossiyadan Suriyaga harbiy komponentlar va Goznakda bosib chiqarilgan Suriyaning yangi banknotlari yuborilgan. Shu bilan birga, Rossiyaning 2018-2019 yillarda Damashqdan pul qabul qilib olgani aytilgan ikki banki Suriya yoki boshqa biror davlatdan naqd pul qabul qilib olgani haqida hech qanday dalil yo‘q.
Gazeta Suriya markaziy banki Moskvaga pullarni «suriyalik diktator harbiy yordam uchun Kremldan qarzdor bo‘lgan, uning qarindoshlari esa maxfiy ravishda Rossiyada aktivlar xarid qilgan davrda» yuborgan. 2019 yilda Financial Times Bashar Asadning qarindoshlari 2013 yildan boshlab Moskvada kamida 20 ta ko‘chmas mulk obektlari, jumladan, «Moskva-Siti»da 19 ta kvartira sotib olgani haqida yozgandi.
- Bashar Asad 2024 yil 8 dekabr kuni suriyalik isyonchilar muvaffaqiyatli yurish davomida Damashqqa kirib kelganida Suriya prezidenti lavozimini tark etdi va mamlakatdan chiqib ketdi. Bloomberg agentligiga ko‘ra, Rossiya rasmiylari Asadni Suriyadan ketish lozimligiga ishontirgan, uning qochishini esa Rossiya razvedkasi tashkillashtirgan. RF prezidenti Vladimir Putin Asadga va uning oilasiga Rossiyadan boshpana bergan.
Mavzuga oid
22:22 / 23.12.2024
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
17:10 / 23.12.2024
Bashar Asadning rafiqasi ajrashishga ariza berdi - Haberturk
00:45 / 23.12.2024
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
19:06 / 22.12.2024