O‘zbekiston | 12:07 / 16.12.2024
24279
2 daqiqa o‘qiladi

Haftaning birinchi yarmi yog‘ingarchiliksiz o‘tishi kutilyapti

O‘zbekiston bo‘yicha 16–20 dekabr kunlariga ob-havo prognozi berildi.

Foto: Kun.uz

Yog‘ib o‘tgan qordan so‘ng O‘zbekiston hududining katta qismida qor qoplami hosil bo‘ldi. Bugun ertalab havo harorati –8...–13, ayrim joylarda –15, eng chekka janubda –4...–6 darajagacha pasaydi.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, bugun kunduzi respublikaning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati 0...–5, shimolda va janubda ba’zi joylarda +2 darajagacha bo‘ladi.

O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo 19 dekabr kuniga qadar saqlanib turadi. Faqat 19 dekabr, chorshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarida yog‘ingarchilik bo‘ladi.

Respublika hududi bo‘yicha harorat 17 dekabr kuni kechasi –8...–13, kunduz kuni esa havo harorati ko‘tarila boshlaydi. 19 dekabrga borib harorat kechasi 0...–2, kunduz kuni +5...+7, janubda ba’zi joylarda +10 darajagacha ko‘tariladi.

20 dekabr, juma kuni O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi. Kunduz kungi harorat 0...+3 darajagacha pasayadi.

Respublikaning ayrim joylariga kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. 18–20 dekabrda ba’zi joylarda shamol tezligi 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi.

Toshkent shahrida: 16–19 dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari –10...–12 darajadan 0...–2 darajagacha, kunduz kunlari –3...–5 darajadan +5...+7 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi.

20 dekabrda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Harorat kechasi va kunduzi 0...+2 daraja bo‘ladi.

Mavzuga oid