O‘zbekiston | 17:37 / 17.12.2024
2768
3 daqiqa o‘qiladi

Nukus shahri bosh rejasi tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan Nukus shahrining bosh rejasi tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq 2040 yilgacha Nukus shahri hududi 876 gektarga kengayadi.

«Nukus shahrining bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan shaharning bosh rejasi loyihasi asosiy yechimlari va texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari tasdiqlanmoqda. 2040 yilgacha Nukus shahri Nukus tumani hududiga 876 gektarga kengayishi hisobga olingan.

Shuningdek, bu vaqtga kelib aholi soni 312,4 ming nafardan 400 ming kishiga ko‘payadi, shahar maydoni esa 13,4 ming gektarni tashkil etadi. Maktabgacha ta’lim muassasalari soni ikki baravar ko‘payib, 20,8 mingtani tashkil etadi, shifoxonalardagi joylar 3,3 mingdan 9,9 mingtagacha oshadi.

Bundan tashqari, jamoat transporti, avtomobil yo‘llari va ko‘chalar hisobot davrida quyidagicha o‘zgarishi rejalashtirilgan:

  • magistral ko‘chalarning umumiy uzunligi — 90,35 kilometrdan 278 kilometrga;
  • shahar jamoat transporti qatnovi umumiy soni — 60 qatnovdan 300 qatnovga;
  • transport xizmatidan foydalanuvchi yo‘lovchilar — 1,3 million kishidan 118,5 million kishiga.

Yangi bosh rejaga muvofiq shaharda ikkita ma’muriy markaz tashkil qilinadi.

Birinchi ma’muriy markaz — shaharning bugungi kundagi ma’muriy markazi hisoblanib, Islom Karimov, Amir Temur va M.Jumanazarov ko‘chalari kesishmalari hisoblanadi. Ushbu markaz saqlab qolinadi.

Unda joylashgan Savitskiy muzeyi, Xotira maydoni, mehmonxonalar, IT-park, istirohat bog‘i va boshqa ma’muriy va xo‘jalik binolarini qurish va qayta ta’mirlash, eski bino va inshootlar o‘rniga yangi va zamonaviy ko‘p qavatli binolar joylashtirish taklifi kiritilgan.

Ikkinchi ma’muriy markaz — shaharning janubi-g‘arbiy qismidagi Nukus tumaniga chiqadigan ko‘chalar va loyihaviy ko‘chalari kesishmasida joylashtiriladi. Nukus City’ning ushbu markazlari kichik va o‘rta biznesni, bank filiallari, turar joy va jamoat binolarining biznesni boshqarish bilan bog‘liq obektlarini birlashtiradi va 7 qavatdan 16 qavatgacha bo‘lgan obektlar barpo etiladi.

Har bir tashkil etilayotgan turar joy massivi (mahalla, kichik tuman) aholiga xizmatlar ko‘rsatish majmuasi bilan ta’minlangan. Har bir mitti tumanda xizmat ko‘rsatish me’yorlari va unda yashaydigan aholi sonini hisobga olgan holda maktablar, bolalar bog‘chalari, mahalla guzarlari, kichik maydonchalar, yashil maydonlar va xiyobonlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

«Ma’muriy va hududiy markazlarga olib boruvchi yo‘llar yoqasidagi binolar o‘rniga zamonaviy loyihalar asosida bosqichma-bosqich qayta qurish ishlari amalga oshiriladi va natijada shaharning ko‘rinishi yanada yaxshilanib, ko‘chalar obod bo‘lishi hamda aholi uchun qulay sharoitlar yaratilishiga erishiladi», — deyiladi qarorda.

Mavzuga oid