O‘zbekiston | 21:08 / 18.12.2024
1815
2 daqiqa o‘qiladi

Tatariston kompaniyasi Navoiyda maxsus sanoat parki qurmoqda

Navoiyga kelgan Tatariston raisi Rustam Minnixonov ikki hudud hamkorligidagi maxsus sanoat parki qurilishi va boshqa loyihalar bilan tanishdi.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi

Tatariston raisi Rustam Minnixonov Navoiy viloyatiga keldi. Uni Navoiy xalqaro aeroportida Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov kutib oldi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tatariston delegatsiyasi Navoiy Erkin iqtisodiy zonasida Tatariston bilan hamkorlikda qad rostlayotgan maxsus sanoat parkida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishgan. Rustam Minnixonovga sanoat parkida tashkil etilayotgan loyihalar taqdimoti qilingan.

Qayd etilishicha, 2023 yilning oktyabrida Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan Hududlararo biznes forumida Tatariston kompaniyasi bilan Navoiyda maxsus sanoat parkini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Mazkur sanoat parkida umumiy qiymati 251 mln AQSh dollari bo‘lgan 19 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Dastlab 140 mln dollarlik oziq-ovqat sanoati uchun qadoqlash idishlari, jumladan alyuminiy bankalar ishlab chiqarish loyihasi tashkil etilmoqda. Loyiha doirasida yiliga 1,5 mlrd dona alyuminiy banka ishlab chiqariladi va bu yo‘nalishda 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Rustam Minnixonov bilan ikki hudud o‘rtasida boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oktyabr oyida Qozon shahriga tashrifi chog‘ida Tatariston raisi Rustam Minnixonov bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Unda O‘zbekiston hududida qo‘shma iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatini kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishilgandi.

Mavzuga oid