O‘zbekiston | 17:06 / 19.12.2024
2291
8 daqiqa o‘qiladi

Bog‘dorchilikda tomchilatib sug‘orish: nega ishlar sur’ati sust?

Bugungi kunda O‘zbekistondagi mevali bog‘larning 83,3 foizi an’anaviy usulda – ariqdan sug‘oriladi. Ularning atigi 16,6 foizida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan va bu – juda past ko‘rsatkich.

Foto: Kun.uz

Zamonaviy sug‘orish tizimlari mamlakatimiz bog‘dorchilik sohasiga kirib kelganiga bir necha o‘n yil o‘tgani, qolaversa, tomchilab sug‘orish tizimining ariqdan sug‘orishga nisbatan yaqqol afzalliklariga qaramay, bu jarayon bog‘dorchilikda kutilganidan sust kechmoqda. Vaholanki, O‘zbekistonda suv resurslari tobora kamayib borayotgani bois mamlakat qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Taniqli ekspert, bog‘dorchilik sohasidagi xalqaro mutaxassis Shuhrat Abrorovning so‘zlariga ko‘ra, shu kunga qadar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi sust tatbiq qilinishi va bundan keyin ham sezilarli darajada tezlashmasligiga bir qator sabablar bor. 

Shuhrat Abrorov

«Bugungi kunda O‘zbekistondagi mevali bog‘larning umumiy maydoni 360 ming gektarni tashkil qiladi (uzumzorlar bundan mustasno), shundan 60 ming gektar bog‘larda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan, qolgan 300 ming gektar bog‘lar ariqdan sug‘oriladi.

Tomchilatib sug‘orish texnologiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi va uning mamlakatimiz bog‘larida joriy qilinishi tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mazkur tizimning afzalliklarini intensiv bog‘larda tatbiq qilingan zamonaviy loyihalar misolida 2008 yillardan boshlab ko‘ra boshladik. 2008-2010 yillarda Samarqand viloyatida tomchilatib sug‘orish tizimli intensiv olma bog‘lari barpo etish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirila boshlandi, keyinchalik ularning maydoni yanada kengaydi», — deydi ekspert.  

Shuhrat Abrorov tomchilatib sug‘orish texnologiyasining mamlakatimiz bog‘dorchilik sohasida shu kunga qadar sust tatbiq qilinishi va bundan keyin ham sezilarli darajada tezlashmasligiga sabab sifatida bir necha omillarni sanab o‘tdi:

Birinchidan, fermerlarda konservativlik, yangilik va o‘zgarishlarga tayyor emaslik, qarshi kayfiyat hissi bor. Bunday vaziyat bilimsizligimizdan kelib chiqadi. Yangi texnologiyalarning foydayu afzalliklari, qiymati va qo‘llanishi sabablarini tushunganimiz sayin qarshilik hissi chekina boshlaydi va uni faoliyatga tatbiq qila boshlaymiz. Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinishida ham xuddi shu holat kuzatildi, ushbu tizimning afzal tomonlarini tushunib yetish va uni bog‘dorchilikda keng qo‘llaguncha ancha vaqt ketdi.

Ikkinchidan, tomchilatib sug‘orish tizimi bo‘yicha mutaxassislar yo‘qligi ham ushbu texnologiyaning sust tatbiq qilinishida qo‘shimcha omil bo‘ldi. Bog‘larimizda joriy qilingan tomchilatib sug‘orish tizimlarining ko‘p qismini chet ellik mutaxassislar loyihalashtirib, ishga tushirgan. Chunki yaqin vaqtgacha bizda malakali mutaxassislar yo‘q edi. Bugun ham bu sohada yuqori malakali mutaxassislar yetarli, deb ayta olmaymiz. Qolaversa, zamonaviy sug‘orish tizimlarining afzalliklari, ushbu texnologiyalarni qo‘llashdagi o‘ziga xosliklar hamda uchraydigan xatolarni batafsil tushuntirib bera oladigan qo‘llanmalar, qolaversa, bunday maktabning o‘zi yo‘q.

Uchinchidan, zamonaviy sug‘orish tizimlari yoki ularning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishda yechimini kutayotgan muammolar bor. Keyingi yillarda sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish qisman mahalliylashtirildi, lekin bu jarayon o‘zimizda ishlab chiqariladigan avtomobillarning muayyan qismlarini mahalliylashtirish jarayoniga o‘xshaydi, ya’ni zamonaviy yondashuv yo‘q. To‘g‘ri, ilg‘or zamonaviy sug‘orish texnologiyalari ma’lum ma’noda «yopiq» hisoblanadi – jahondagi yetakchi kompaniyalar ushbu ma’lumotlarni ochiqlashni va bo‘lishishni istamaydi. Ammo, biz bilim va tajribalarni oshirib, mamlakatimizda zamonaviy sug‘orish tizimlarini ishlab chiqara olsak, sug‘orish tizimlarini o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar ham kamaygan bo‘lardi. Tabiiyki, bu fermerlarimizga yangi texnologiyalarni qo‘llashda qo‘shimcha rag‘bat bo‘ladi.

«Endi yuqorida tilga olingan uch omilni tarozining bir pallasiga qo‘ysak, uning ikkinchi pallasida — suv ta’minoti, ya’ni iste’molchi-fermerlarning suv taqsimotida aniq bir tizim yo‘qligi turibdi. To‘g‘ri, suv ta’minotida ariqlar va kanallar tizimi mavjud, suv resurslarini fermerlarga miroblar tarqatib berishadi. Lekin suvning adolatli ravishda tomchilatib sug‘orishga mos taqsimlanishi masalasi hech kimni qiziqtirmaydi. Har holda, shaxsan men bu boradagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rmayapman. Ushbu masalaga tegishli vazirliklar aniq yechim topishi zarur, deb o‘ylayman», — deya qo‘shimcha qildi ekspert.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomchilatib sug‘orish tizimida daraxtlarga har kuni suv berish, ya’ni, bog‘ni har kuni sug‘orish kerak bo‘ladi. Ushbu tizim orqali daraxtlarga beriladigan suv dastavval hovuzda to‘planadi (bog‘ga tutash ariqdan keladigan suv hisobiga) va bunday hovuzlarning suv sig‘imi, odatda, butun bog‘ni 2-3 kun sug‘orishga yetadigan hajmda bo‘ladi.

Demak, suv bog‘lar maydoniga qarab ta’minlanishi va taqsimlanishi lozim.

Bugun suv ta’minoti va taqsimotida aniq ishlaydigan tizimning yo‘qligi bog‘dorchilikka tomchilab sug‘orish texnologiyasini keng tatbiq qilishni sustlashtirayotgan omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar va mavjud tizim noto‘g‘ri ishlashini fermerlarning ortiqcha xarajatlari evaziga qoplash kerak bo‘lyapti.

Boshqacha aytganda, ushbu muammolar sabab bog‘larda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini tatbiq qilish uchun butun bog‘ni 7-10 kun sug‘orishga yetadigan hajmdagi suv hovuzlarini qurishga to‘g‘ri kelyapti. Bu esa, tabiiyki, tomchilatib sug‘orish tizimini qo‘llash bilan bog‘liq xarajatlar oshishi (hovuz qurish xarajatlari bir necha barobar oshishi evaziga) va mevali bog‘ maydonlari qisqarishi (hovuz kattalashishi sabab)ga olib kelmoqda.

«Bog‘dorchilikda suv resurslaridan maksimal darajada samarali foydalanish va zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini keng tatbiq qilish lozim. Ammo, bunda barcha fermerlarga to‘g‘ri taqsimlanadigan suv ta’minoti tizimi yo‘lga qo‘yilmasa, nafaqat tomchilatib sug‘orish texnologiyasi rivojlanishi, balki bog‘dorchilik rivoji ham shubha ostida qolishi mumkin.

Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, joriy yil sentabr oyida qabul qilingan hukumatimiz qaroriga muvofiq, bog‘dorchilikda tomchilab sug‘orish tizimini o‘rnatish uchun subsidiya miqdori 2 barobar oshiriladi. Xususan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, intensiv mevali bog‘ va uzumzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgani uchun (sifat darajasini belgilovchi koeffitsiyent qo‘llangan holda) subsidiya 1 gektar uchun 16 mln so‘mgacha miqdorda belgilanadi. Bu juda yaxshi xabar. Zero, subsidiya miqdorining 2 barobar oshirilishi suv ta’minoti muammosiz hududlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini bog‘dorchilik sohasiga tatbiq qilishda yaxshigina rag‘bat bo‘ladi. Agar suv ta’minoti muammoli hududlarda yuqorida aytganimizdek tizim yo‘lga qo‘yilsa, subsidiya miqdori keskin oshirilishi tomchilatib sug‘orish texnologiyasining bog‘dorchilikka tatbiq qilinishining yanada jadallashuviga olib keladi», — deya xulosa qildi ekspert.

Navro‘z Xurramov tayyorladi.

Mavzuga oid