Jahon | 15:08 / 19.12.2024
1856
3 daqiqa o‘qiladi

Zurabishvili Gurjistonda yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi

Gurjiston prezidenti Yevroparlamentning Strasburgdagi yalpi majlisida nutq so‘zladi. «Biz faqat ikkita narsani so‘raymiz: saylovlar o‘g‘irlangani uchun ovozimizni qaytarish va Yevropadagi kelajagimizni qaytarib berish», dedi u.

Foto: Sputnik / Vladimir Umikashvili

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili Yevropa Ittifoqini politsiya tinch namoyishchilarni bostirayotgan bir paytda mamlakatdagi rossiyaparast hukumatga yangi saylovlar o‘tkazish uchun bosim o‘tkazishga chaqirdi. Zurabishvili 18 dekabr, chorshanba kuni Strasburgdagi Yevroparlament yalpi majlisida so‘zladi.

Siyosatchi 26 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlar paytida yuzaga kelgan ehtimoliy qonunbuzarliklarni esladi.

«Bir qator rayonlar va ayrim hududlarda sodir bo‘lgan zo‘ravonliklarni shaxsan o‘zim ko‘rdim, ichki ishlar vaziriga (Vaxtang Gomelauri) qo‘ng‘iroq qildim va u bilan bog‘lana olmadim... U hozirgacha qaytib qo‘ng‘iroq qilgani yo‘q», — dedi Zurabishvili.

«Ma’lum ma’noda, biz 1921 yilga (Qizil Armiya Tbilisiga kirgan payt) qaytgandek his qilyapmiz, chunki sodir bo‘lgan voqea takrorlanmoqda», deb ta’kidladi u.

«Ular (gurjilar) sodir bo‘layotgan voqealarni o‘z erkinligi, kelajagi va qaysidir ma’noda mustaqilligidan mahrum qilish sifatida qabul qiladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

AQSh Gurjistonga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga tayyorlanmoqda

Qo‘shma Shtatlar Gurjistonga nisbatan «yaqin haftalarda» qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Mettyu Miller ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Gurjistondagi demokratiya holati va bu demokratiyaga putur yetkazayotgan «Gurjiston orzusi» partiyasining harakatlaridan «juda xavotirda».

12 dekabr, payshanba kuni Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlar mamlakatdagi «demokratiyaga putur yetkazish»da aybdor bo‘lgan yigirmaga yaqin Gurjiston fuqarosiga nisbatan viza cheklovlari joriy qilayotganini ma’lum qildi. Ro‘yxatdagilarning ismlari tilga olinmagan, ammo ular orasida vazirlar, parlament a’zolari va yuqori martabali xavfsizlik xodimlari borligi ma’lum.

Mavzuga oid