Jahon | 20:58 / 26.12.2024
18876
6 daqiqa o‘qiladi

Katta ehtimol bilan Rossiya raketasi zarba bergan. Oqtovdagi aviahalokatning ikkinchi kuniga kelib yana nimalar ma’lum?

Halokat oqibatida Ozarboyjon, Qozog‘iston va Rossiya fuqarolari halok bo‘lishdi. 

The Administration of Mangystau Region / AP / Scanpix / LETA

Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining 25 dekabr kuni Boku — Grozniy yo‘nalishida parvoz qilib, Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri yaqinida qulagan samolyoti Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan, deb xabar berdi 26 dekabr kuni Euronews telekanali o‘z manbasiga tayanib. Jurnalistlarning Ozarboyjon hukumatidagi manbalari samolyot halokatiga Rossiyaning «yer-havo» sinfidagi raketasi sabab bo‘lganini aytishan. Manbalarga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Grozniyda dronlar «faollashgan» vaqtda (shu vaqtda Kavkazdagi regionlarga ukrain dronlari hujum qilayotgandi) AZAL samolyoti tomonga raketa uchirgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar yetkazgan.

Nashrning Rossiyadagi manbalari Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi samolyoti Checheniston hududidan uchib o‘tayotgan vaqtda Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlarini urib tushirmoqchi bo‘lganini aytgan. Checheniston Xavfsizlik kengashi rahbari Hamzat Qodirov ham chorshanba kuni tongda Grozniyga dronlar hujumi haqida xabar bergan va dronlardan biri aks etgan videoni namoyish etgandi.

Bokudagi AnewZ nashri Ozarboyjon hukumati manbalariga tayanib, raketa Pansir-S havo hujumidan mudofaa tizimidan otilganini xabar qilgan.

Euronews manbalari aytishicha, uchuvchilar favqulodda qo‘nishni so‘raganiga qaramay, shikastlangan samolyotga Rossiya aeroportlariga qo‘nishga ruxsat berilmagan. Boku — Grozniy reysi yo‘lovchisi, halokat vaqtida yengil jarohat olgan Subhonqul Rahimov TASS muxbiri bilan suhbatda Azerbaijan Airlines ekipaji samolyotni Grozniyga qo‘ndirish uchun uch marta uringanini aytib bergan. Euronews yozishicha, ekipajga Kaspiy dengizi orqali Qog‘og‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri tomon uchish kerakligi aytilgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotning GPS navigatsiya tizimlari dengiz ustidagi parvoz davomida o‘chirilgan.

Britaniyaning aviatsiya xavfsizligiga ixtisoslashgan Osprey Flight Solutions kompaniyasi o‘z mijozlarini «Azerbaijan Airlines reysi katta ehtimol bilan Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgani» haqida ogohlantirgan, deb xabar bermoqda Associated Press agentligi.

Ozarboyjon, Rossiya va Qozog‘iston hukumatlari samolyotni rossiyaliklarning havo hujumidan mudofaa kuchlari urib tushirgani haqidagi versiyani rasman izohlamayapti. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev 25 dekabr kuni AZAL samolyoti «ob-havo yomonlashishi» tufayli yo‘nalishni o‘zgartirgani, avariya esa Qozog‘istonga «qo‘nish chog‘ida» ro‘y berganini aytgandi. «Avariya sabablari bizga ma’lum emas. Turli versiyalar bor. Bu haqda gapirishga hali erta deb hisoblayman. Masala to‘liq tekshirilishi kerak», — degandi Aliyev. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml tergov xulosalari chiqmagunicha «qandaydir gipotezalar qurmasligi»ni aytgan. Qozog‘iston senati spikeri Maulen Ashimbayev fotosuratlarga asoslangan holda Ozarboyjon samolyoti o‘qqa tutilgani haqidagi taxminlarni «spekulyatsiya» deb atadi. «Bunday taxminlarni tarqatish noto‘g‘ri va axloqsizlikdir… Komissiya, mutaxassislar ishlayapti, ekspertlar hammasini kuzatmoqda, ular o‘z xulosalarini chiqaradi», degan u.

Samolyot halokatga uchraganidan biroz o‘tib laynerning butun qolgan dum qismi qoplamasida zenit raketaning shikastlovchi elementlari qoldiradigan izlar aks etgan videoyozuvlar paydo bo‘ldi. 

Halokat oqibatida uch mamlakat — Ozarboyjon, Rossiya va Qozog‘iston fuqarolari halok bo‘lgan. Ozarboyjon sog‘liqni saqlash vazirligi aviahalokat qurboni bo‘lgan 25 kishi ro‘yxatini e’lon qilgan, bular yoshi 19 dan 64 gacha bo‘lgan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari. 1news xabar berishicha, ro‘yxatga faqat Ozarboyjon fuqarolari kiritilgan. Qozog‘iston FVV ma’lumotiga ko‘ra, halokat oqibatida ushbu mamlakatning olti nafar fuqarosi halok bo‘lgan. Shuningdek, aviahalokat yetti nafar rossiyalikni hayotdan olib ketgan, deb xabar bergan Qozog‘iston transport vaziri Marat Karabayev. Qirg‘izistonning samolyotda bo‘lgan uch fuqarosi ham tirik qolgan.

26 dekabr holatiga ko‘ra, aviahalokat qurboni bo‘lgan 10 kishining jasadi topilgan: Ozarboyjonning to‘rt fuqarosi, uch rossiyalik hamda uch qozog‘istonlik, deb xabar bergan RIA Novosti muxbiriga Qozog‘iston FVV.

26 dekabr tongida RF FVV borti aviahalokatdan omon qolgan to‘qqiz rossiyalikni Oqtovdan Moskvaga olib qaytgan. Jarohatlangan ozarboyjonliklarni ham 26 dekabr kunining ikkinchi yarmida Bokuga olib ketishga tayyorlay boshlashgan.

Ozarboyjonda 26 dekabr — motam kuni. Aviahalokat qurbonlari Azerbaijan Airlines reysi havoga ko‘tarilgan Boku aeroportida bir daqiqalik sukut bilan yodga olindi. Bu yerda qurbonlar xotirasiga yodgorlik stendi o‘rnatilgan. Checheniston hukumati samolyot halokatida qurbon bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga yordam ko‘rsatishni va’da qilgan.

Mavzuga oid