Reuters: AZAL samolyoti Rossiyaning «Pansir-S» tizimi bilan urib tushirilgan
Reuters agentligining Ozarboyjondagi tergov jarayonidan xabardor bo‘lgan to‘rt manbasi Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Qozog‘iston hududiga qulagan samolyoti Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi zarbasiga duchor bo‘lganini tasdiqladi.
Agentlik suhbatdoshlaridan biri dastlabki ma’lumotlar samolyot Rossiyaning «Pansir-S» zenit raketa-to‘p kompleksi (ZRPK) orqali urib tushirilgani, Grozniy atrofida radioelektron kurash tizimlari ishga tushirilgani tufayli laynerda aloqa «falaj holatga» kelganini ko‘rsatmoqda.
«Hech kim buni ataylab qilingan deya olmaydi. Ammo, aniqlangan faktlarni hisobga olgan holda, Boku Rossiya tomoni Ozarboyjon samolyotini urib tushirganini tan olishini kutmoqda», — degan u.
Avvalroq Azerbaijan Airlines samolyoti halokatiga Rossiya raketasi sabab bo‘lgani haqida Euronews telekanali ham Ozarboyjon hukumatidagi manbalariga asoslangan holda xabar bergandi. Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Grozniy ustida «dronlar faolligi kuzatilayotgan» vaqtda Bokudan ushbu shaharga 8432-reysni amalga oshirgan samolyot tomon raketa uchirilgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar yetkazgan.
Shundan keyin samolyotga Rossiya aeroportlaridan biriga avariyaviy qo‘nishni amalga oshirishga ruxsat berilmagan va u Kaspiy dengizi orqali Oqtov yo‘nalishida uchishga yo‘naltirilgan.
Ozarboyjondagi Caliber.Az nashri ham «hukumatdagi ishonchli manbar»ga ko‘ra, Grozniyga uchib borgan samolyot Rossiyaning «Pansir-S» havo hujumidan mudofaa tizimi orqali o‘qqa tutilgani haqida xabar bergandi.
- Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga uchgan samolyoti 25 dekabr tongida Oqtov yaqinida qulab tushdi. Bortda 62 yo‘lovchi hamda ekipajning besh nafar a’zosi bo‘lgan. Aviahalokat 38 kishi umriga zomin bo‘lgan, 29 kishi omon qolgan.
- Samolyot Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiya layner parchalari aks etgan videolar paydo bo‘lishi bilan bildirilgandi. Videolarda samolyot fyuzelajida zenit raketaning shikastlovchi elementlariga xos izlar qolgan.
- Kremldagilar Qozog‘istondagi aviahalokat sabablari bo‘yicha «gipoteza qurish»dan bosh tortgan. Qozog‘iston rasmiylari aviahalokat sabablari yuzasidan rasmiy versiyaga ega emasligi va tekshiruvlar davom etayotganida samolyot halokati bo‘yicha qandaydir versiyani na tasdiqlay va na rad eta olishini bildirgan.
Mavzuga oid
08:33
Braziliya Oqtov yaqinidagi halokat yuzasidan tergovga qo‘shildi
20:58 / 26.12.2024
Katta ehtimol bilan Rossiya raketasi zarba bergan. Oqtovdagi aviahalokatning ikkinchi kuniga kelib yana nimalar ma’lum?
19:30 / 26.12.2024
Raketa zarbasi, qushlar yoki nosozlik - Oqtovdagi aviahalokat sababi nima?
19:17 / 26.12.2024