Jahon | 18:40 / 27.12.2024
6290
4 daqiqa o‘qiladi

The Times AZAL samolyoti halokatiga oid yangi tafsilotlarni bayon qildi

Mutaxassislar videolavhalar va uchuvchilar bilan dispetcher o‘rtasidagi suhbatni tahlil qilib, samolyot halokatiga raketa zarbasi sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xulosaga keldi.

Foto: AFP/Getty Images

Britaniyaning The Times gazetasi Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida Azerbaijan Airlines samolyoti halokati tafsilotlari va versiyalarini havo layneri fyuzelyaji tasvirlari asosida tahlil qildi.

Nashrning ta’kidlashicha, uchuvchilar parvozni boshqaruvchi barcha tizimlardan mahrum bo‘lib, samolyotni faqat dvigatel kuchi bilan boshqarib, favqulodda qo‘nishga urinishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgan. Shrapnellar (raketa parchalari) samolyotning orqa qismini shikastlab, qanotlar va dum yuzasini boshqaradigan uchta gidravlik tizimni ham ishdan chiqargan.

Nashr uchuvchilar va dispetcher o‘rtasidagi rasman tasdiqlanmagan suhbat stenogrammasini tahlil qildi. Ta’kidlanishicha, uchuvchilar dispetcher bilan suhbatda «to‘qnashuv»ni tilga olib, dastlab buni qushlar galasiga bog‘lashgan. Hodisadan bir necha daqiqa oldin ekipaj GPS-navigatsiyasi nosozligi haqida xabar berib, radar kuzatuvini so‘ragan. «To‘qnashuv»dan 7 daqiqa o‘tgach, uchuvchi: «Endi gidravlika ishlamay qoldi» degan.

Nashrning yozishicha, ekipaj avvaliga Rossiyaning Mineralniye Vodi shahriga, so‘ngra Kaspiy dengizi qirg‘og‘idagi Maxachqal’a shahriga uchishga uringan. Biroq ularga ob-havo sharoiti bu joylarga qo‘nishga imkon bermasligi ma’lum qilingan.

Muzokaralar stenogrammasi shu joyda uzilgan, ammo noma’lum sababga ko‘ra uchuvchilarga Kaspiy dengizining qarama-qarshi qirg‘og‘iga, ancha uzoqda joylashgan Oqtov shahriga uchish buyurilgan.

Samolyot Oqtov hududida havo dispetcherlari radarida yana paydo bo‘lgach, uning parvozi beqaror kechayotgani ma’lum bo‘ladi. Aeroportga yaqinlashish chog‘ida ekipaj g‘ildiraklarni qo‘lda chiqarishga muvaffaq bo‘lgan, ammo qanotlardagi flap va spoylerlar normal qo‘nish uchun zarur bo‘lgan tarzda joylashtirilmagan.

Videotasvirlarda qo‘nishdan oldin samolyot dumining gorizontal stabilizatori shikastlangani ko‘rinadi. Nashrning qayd etishicha, samolyot ikki marta qo‘nishga urinish vaqtida aylanma «fugoid» (to‘lqinsimon, yuqori-past-yuqori) trayektoriyasi bo‘ylab uchgan. Bu ekipajning faqat dvigatel kuchidan foydalangan holda samolyotni boshqarganini anglatadi.

Shunga o‘xshash boshqaruv usuli 1989 yilda United Airlines 232 reysi ekipaji tomonidan qo‘llangan. DC-10 samolyoti gidravlikasi ishdan chiqishi oqibatida shu tarzda qo‘nib, halokatga uchragan va 296 yo‘lovchidan 184 nafari tirik qolgan edi.

«Ozarboyjon uchuvchilari ham xuddi shunday qilishga uringanga o‘xshaydi... Videoda gidravlika yo‘qligi va spoylerlar zarur tarzda o‘rnatilmagani ko‘rinib turibdi», dedi amerikalik uchuvchi va aviatsiya eksperti Xuan Braun.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dalillar Embraer samolyoti yaqinida zenit raketasi portlaganini ko‘rsatmoqda.

«Videoda vertikal dumning chap tomoni va chap balandlik rulining shikastlangani ko‘rinadi... Bu muhim elektr va gidravlik tizimlarga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kislorod niqoblarining chiqarilishi salondagi bosimning pasayganidan dalolat beradi. Shuningdek, qisman yirtilgan qutqaruv nimchasi va parvoz paytidagi yo‘lovchilarning jarohatlari aks etgan tasvirlar salonga shrapnellar teshib kirganini tasdiqlaydi.

Fransiyaning BEA aviahalokatni tekshirish agentligi sobiq xodimi Jyerar Legaffre so‘zlariga ko‘ra, samolyot bo‘laklarida juda ko‘p shrapnel bo‘lgan.

Fransiya Harbiy-havo kuchlarining sobiq uchuvchisi va mudofaa maslahatchisi Ksaviye Tutelmanning ishonchi komilki, Ozarboyjon samolyoti raketa bilan urib tushirilgan.

«Dum qismiga zarbalar raketa shrapneliga xos... Samolyot nima uchun parvozni davom ettira olmaganini tushunish mumkin», deb qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid