Jahon | 17:06 / 28.12.2024
5633
2 daqiqa o‘qiladi

«Turkmaniston» aviakompaniyasi Moskvaga reyslarini 1 oyga to‘xtatdi

«Turkmaniston» aviakompaniyasi 2024 yil 30 dekabrdan 2025 yil 31 yanvarga qadar Ashxobod - Moskva - Ashxobod yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladigan parvozlarini bekor qildi.

Foto: Yuriy Kirsanov

«Turkmaniston» aviakompaniyasi Moskvaga uchadigan muntazam reyslarini vaqtincha bekor qildi. Bu haqda aviatashuvchining saytida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 30 dekabrdan 31 yanvarga qadar Ashxobod — Moskva — Ashxobod yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladigan reyslar bekor qilingan. Bu kabi qaror nima sababdan qabul qilingani ochiqlanmagan.

Aviakompaniya haftasiga ikki marotaba Moskvaga reyslarni amalga oshirib kelayotgan edi.

Bokudan Grozniyga uchayotgan Azerbaijan Airlines samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqiniga qulaganidan keyin qator aviakompaniyalar Rossiya shaharlariga parvozlarini to‘xtatishni boshladi. Aviakompaniyaning ma’lum qilishicha, samolyot «tashqi jismoniy va texnik ta’sirga» uchragan.

26 dekabr kuni Euronews telekanali o‘z manbasiga tayanib, samolyotning Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgani haqida xabar berdi. Reutersʼning ma’lum qilishicha, raketa Grozniy uzra «havodagi dron faolligi» vaqtida Bokudan Grozniyga uchayotgan samolyotga qarata uchirilgan. Rosaviatsiya rahbari Dmitriy Yadrov keyinroq samolyot Grozniy aeroportiga qo‘nishni boshlayotganida dronlar shaharga hujum qilganini tasdiqladi. RF hukumati samolyotning qulashiga Rossiya HHM sabab bo‘lganini tasdiqlamadi.

Samolyot halokatidan keyin Azerbaijan Airlines Rossiyaning o‘nlab shaharlari — Grozniy, Mahachqal’a, Sochi, Mineralniye Vodi, Vladikavkaz, Nijniy Novgorov, Samara, Saratov, Ufa va Volgogradga parvozlarini to‘xtatdi. Bundan tashqari, Qozog‘istonning Qazaq Air aviakompaniyasi Ostona — Yekaterinburg, FlyDubai esa Dubaydan Sochi hamda Mineralniye Vodiga uchadigan reyslarini bekor qildi. Shuningdek, Isroilning El Al milliy avitashuvchisi ham Rossiyaga parvozlarini to‘xtatdi.

Mavzuga oid