Jahon | 21:05 / 28.12.2024
4707
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Putin Slovakiya bosh vaziriga Ukrainaga qarshi «ikkinchi energetika fronti» ochishni buyurdi

Volodimir Zelenskiy Slovakiya bosh vazirining Ukrainaga elektr ta’minotini to‘xtatish borasidagi tahdidlarini tanqid ostiga oldi. U «Moskvadan berilgan buyruqlar Ukrainaga elektr energiyasi importini to‘xtatishga olib kelmasligini» ta’kidladi.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukrainaga elektr ta’minotini to‘xtatish bilan tahdid qilgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoni tanqid qildi.

«Aftidan, Putin Fitsoga Slovakiya manfaatlari hisobiga Ukrainaga qarshi ikkinchi energetika frontini ochish topshirig‘ini bergan ko‘rinadi. Faqat bu Fitsoning qishda, Rossiya zarbalari sharoitida Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatish tahdidini anglatishi mumkin», — deyiladi Zelenskiyning Telegram kanalida.

Zelenskiy Fitsoga murojaat qilib, «jinoiy Rossiyaning agressiyasini qo‘llab-quvvatlash mutlaqo axloqsizlik» ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazirning «uzoqni ko‘ra bilmaydigan siyosati» Slovakiya xalqini yo‘qotilgan Rossiya gazi uchun kompensatsiyasiz, shuningdek, Ukraina elektr energiyasi uchun to‘layotgan yillik 200 million dollarsiz qoldirishi mumkin.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukrainaga yetkazib beriladigan elektr energiyasida Slovakiyaning ulushi qariyb 19 foizga teng va hozirda mamlakat hukumati YeIdagi qo‘shni davlatlar bilan kerakli elektr ta’minoti hajmini saqlab qolish bo‘yicha ish olib bormoqda.

«Slovakiya yagona Yevropa energobozorining bir qismi hisoblanadi va Fitso umumevropa qoidalarini hurmat qilishi kerak. Bratislavadagi har qanday o‘zboshimcha qaror yoki Fitsoga elektr ta’minoti bo‘yicha Moskvadan berilgan buyruqlar Ukrainaga elektr energiyasi importini to‘xtatishga olib kelmaydi, ammo Slovakiyaning amaldagi hokimiyati va Yevropa hamjamiyati o‘rtasidagi munosabatlar buzilishiga sabab bo‘ladi», — deydi Zelenskiy.

27 dekabr kuni Fitso Ukraina Rossiya gazini Yevropaga tranzit qilishdan bosh torsa, Slovakiya ushbu mamlakatga elektr ta’minoti yetkazib berilishini to‘xtatishini ma’lum qilgandi. Slovakiya bosh vaziri gaz tranzitining to‘xtatilishini butun Yevroittifoq to‘lashga majbur bo‘ladigan «favqulodda qimmat ishora» deb atagandi.

Bir necha kun oldin Fitso Moskvaga tashrif buyurib, RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Ukraina prezidenti Fitsoni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «maxfiy kelishuvlar»da va «pul uchun kurashayotganlikda, ammo bu pullar Slovakiya uchun nazarda tutilmaganlikda» aybladi. 

Mavzuga oid