Jahon | 13:25 / 31.12.2024
2268
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va RF asirlar almashinuvi bo‘yicha turli xil ma’lumot berdi

Ukraina va Rossiya o‘rtasida harbiy asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, 189 nafar ukrainalik o‘z vatanlariga qaytgan, ulardan ikki nafari tinch aholi vakillaridir. Ayni paytda, Rossiya Mudofaa vazirligi almashinuv «150 ga 150» formulasi bo‘yicha amalga oshirilganligini da’vo qilmoqda.

Foto: Zelenskiy_official/Telegram

Ukraina va Rossiya 30 dekabr, dushanba kuni navbatdagi asirlar almashinuvini o‘tkazdi. Shu bilan birga, har ikki tomon o‘z vataniga qaytganlar soni bo‘yicha turli ma’lumotlarni taqdim etdi. Shunday qilib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Telegramʼda 189 nafar ukrainalikni vataniga qaytarishga muvaffaq bo‘lganini yozdi: «Bular frontning turli yo‘nalishlaridan kelgan harbiylar – «Azovstal» va Mariupol, Chernobil AES, Zmeinniy oroli himoyachilari. Ular orasida askarlar, serjantlar, ofitserlar, milliy gvardiyachilar, shu jumladan «azovchilar», chegarachilar, dengiz floti va qurolli kuchlar askarlari, shuningdek, Mariupolda asirga olingan ikki tinch fuqaro bor».

Zelenskiy almashinuv doirasida qancha rossiyalik harbiy xizmatchi qaytarilganini yozmadi.

Harbiy asirlar bo‘yicha Ukraina muvofiqlashtirish shtabining aniqlik kiritishicha, 2024 yildagi 11-almashinuv natijasida 173 oddiy askar va serjant va 14 ofitser Rossiya asirligidan ozod qilingan, shu jumladan Ukraina Qurolli kuchlarining 87 nafar harbiy xizmatchisi (17 harbiy mudofaa xodimlari), 43 — Ukraina Milliy gvardiyasi, 33 — Davlat chegara xizmati va 24 — dengiz floti, shuningdek, ikki fuqaro. «Ko‘plab Ukraina fuqarolari ikki yarim yildan ortiq vaqtdan beri Rossiya asirligida bo‘lgan. Himoyachilarda o‘tkir surunkali kasalliklar, mina portlashi oqibatidagi jiddiy jarohatlar bor», — deyiladi shtab xabarida.

Ayni paytda, Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida aytilishicha, almashinuv «150 ga 150» formatida amalga oshirilgan: 150 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi o‘rniga Ukraina Qurolli kuchlarining 150 harbiysi Ukraina tomoniga o‘tkazildi. Rossiya harbiylari ozod etilgan ukrainaliklar orasida tinch aholi vakillari bor-yo‘qligi haqida ma’lumot bermayapti.

Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida aytilishicha, hozirda barcha ozod etilgan rossiyaliklar Belarusda, almashinuv Birlashgan Arab Amirliklari vositachiligida amalga oshirilgan.

Rossiya va Ukraina halok bo‘lgan harbiylar jasadini almashdi

Rossiya va Ukraina yana halok bo‘lgan harbiylarning jasadlarini almashdi. Bu haqda 20 dekabr kuni Ukraina harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabi va Rossiya Davlat dumasi deputati Shamsail Saraliyev ma’lum qildi.

Ukraina tomoni xabaridan ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Federatsiyasi Kiyevga 503 askarning jasadini topshirgan: ulardan 403 nafari Donetsk yo‘nalishida, 57 nafari Zaporijjya yo‘nalishida, 12 nafari Luhansk yo‘nalishida halok bo‘lgan. Yana 31 nafar jasad Rossiyadagi o‘likxonalardan olib kelindi.

Moskva, o‘z navbatida, 42 jasadni qabul qildi. Rossiya harbiy muxbiri Aleksandr Kotsning so‘zlariga ko‘ra, almashinuv Belarusning Gomel viloyatidagi Ukraina bilan chegarada bo‘lib o‘tgan.

Mavzuga oid