Hafta davomida harorat pasayishi, yomg‘ir va qor kutilmoqda
7 yanvarda O‘zbekistonga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va sovuq havo kirib keladi, ko‘plab hududlarda yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Hafta davomida kunduzgi harorat +5…+8 dan 0…–3 darajagacha o‘zgarib turadi.
«O‘zgidromet» respublika bo‘yicha 6–10 yanvar kunlari uchun ob-havo prognozini taqdim etdi. Unga ko‘ra, dushanba kuni kunduzi O‘zbekistonning barcha hududi bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat Qoraqalpog‘istonda kechga tomon ba’zi joylarda yomg‘ir va qor yog‘ishi mumkin. «O‘zgidromet» prognoziga havo harorati +5…+10 daraja, ba’zi joylarda +12…+14 darajagacha, shimolda +3…+8 darajagacha bo‘ladi.
7 yanvarda O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va sovuq havo kirib kelishi boshlanadi. Buxoro, Navoiy viloyatlarida va kunning ikkinchi yarmida Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ayrim joylarda kechasi va ertalab yog‘ingarchilik bo‘ladi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.
8 yanvarda kechasi va ertalab faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik saqlanib turadi.
8–10 yanvar kunlari kunduzi O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab ba’zi joylarda tuman tushishi mumkin.
8–10 yanvar kunlari havo harorati kechasi +2…+5 darajadan –3…–6 darajagacha pasayadi, kunduzi +5…+8 darajadan 0…–3 darajagacha o‘zgarib turadi.
Shamol tezligi 7–12 metr/soniyani tashkil etadi, 7 yanvarda ba’zi joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 20–23 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.
Tog‘li hududlarda 6–8 yanvar kunlarida vaqti–vaqti bilan qor yog‘adi, 7–8 yanvar kunlari ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.
Toshkent shahrida 6–10 yanvar kunlari asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat 7 yanvar kuni kechqurun va 8 yanvarga o‘tar kechasi yomg‘ir va qor yog‘adi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.
Shamol 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, 7 yanvarda 10–12 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.
Havo harorati 6 yanvar kuni kunduzi +8…+10 daraja, 7 yanvarda kechasi +1…+3, kunduzi +6…+8, 8 yanvarda kechasi va kunduzi –1…+1, 9 yanvarda kechasi –3…–5, kunduzi +2…+4, 10 yanvarda kechasi –3…–5, kunduzi +5…+7 daraja bo‘ladi.