Zelenskiy Lukashenko urushning ilk kunlarida uzr so‘ragani haqida esladi. Belarus tomoni rad etdi
Zelenskiyning aytishicha, Lukashenko ushbu telefon suhbati chog‘ida Rossiyaning xatti-harakatlari uchun uzr so‘ragan va «nima bo‘layotganini nazorat qilmasligi», raketa zarbalari uchun javobgarlik Vladimir Putin zimmasida ekanini ta’kidlagan. Lukashenkoning matbuot kotibi Ukraina rahbarining so‘zlarini rad qildi.
Volodimir Zelenskiy keng ko‘lamli urushning ilk kunlarida Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qilgani va u Rossiya Belarus hududidan Ukraina bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llagani uchun uzr so‘ragani va hatto bunga javoban Mozirskiy neftni qayta ishlash zavodi bo‘ylab zarba yo‘llashni taklif qilgani haqida gapirdi. Ukraina prezidenti bu haqda olim va bloger Leks Fridmanning podkastida aytib bergan.
«Urush boshlanganidan bir necha kun o‘tib men Lukashenko bilan telefon orqali gaplashdim va u uzr so‘radi, u „bu men emasman, mening hududimdan raketalar uchirildi va ularni Putin uchirdi“ dedi. Bu uning so‘zlari, guvohlarim bor. U menga yana shunday dedi: „Sen ishon, Volodya, bu men emasman, men nazorat qilmayapman, bu raketalar Putinniki…“.
Men unga u ham xuddi shunday qotil ekanini aytdim, u esa menga dedi: „Tushun, ruslar bilan urushib bo‘lmaydi“. Men unga dedim: „Biz hech qachon urush qilmaganmiz. Raketalar sening yeringdan keldi, Belarusdan, bunga qanday yo‘l qo‘yding?“.
U aytdi: „Unda, mayli javob qaytar“. Men hozirgacha u shunday deganini eslayman: „Neftni qayta ishlash zavodi bo‘ylab zarbalar yo‘lla, u men uchun qanday ahamiyatga egaligini bilasan-ku“… Bu Mozirskiy zavodi edi. Men unga aytaman: „Sen nima deyapsan, qanaqa javob?“ Bu urushning ikkinchi yoki uchinchi kunida bo‘lgandi», – deya xotirlaydi Zelenskiy.
Aleksandr Lukashenkoning matbuot kotibi Natalya Eysmont Zelenskiyning bayonoti yuzasidan izoh berdi.
«Belarus prezidenti Zelenskiydan hech qanday uzr so‘ramadi, chunki bizda uzr so‘rash uchun hech qanday sabab yo‘q. Birinchi navbatda shuning uchunki, Ukraina birinchi bo‘lib Belarusga qarshi sanksiyalar qo‘llagan, bu borada hatto Amerika va butun g‘arbdan ham ilgarilab ketgandi», – deb ta’kidladi Eysmont.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Belarus va Ukraina prezidentlarining mojaroning dastlabki kunlaridagi suhbati faqatgina Belarus prezidenti kenja o‘g‘li Nikolayning hissiy reaksiyasi tufayli sodir bo‘lgan», uning telefonida Zelenskiyning kontakti bor edi.
«Bu suhbatning mohiyati nimada edi: prezident, birinchi navbatda, mojaro Ukrainada, Zelenskiy hududida avj olgani va vaqt o‘tishi bilan odamlarning o‘limi uchun aynan u javobgar bo‘lishini aytdi. Shuning uchun ham bizning prezident muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirdi va bu amalga oshirildi: Belarusda uch raund, keyin esa Istanbulda muzokaralar o‘tkazildi», – deya qo‘shimcha qilgan Lukashenkoning matbuot kotibi.
Mavzuga oid
16:59
Tramp Rossiyaning «Ukraina NATOga qo‘shilishi» borasidagi tuyg‘ularini tushunishini aytdi
14:47
AQSh Ramshtaynda Ukrainaga yangi yordam paketini e’lon qiladi
08:32
«Axir u bilan yaxshi edik. Nega vaysayapti?» - Lukashenko Zelenskiyga javob qaytardi
21:50 / 07.01.2025