Tramp Rossiyaning «Ukraina NATOga qo‘shilishi» borasidagi tuyg‘ularini tushunishini aytdi
U Putin bilan uchrashuvi ehtimoli haqidagi savolga ham javob qaytargan.
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Kongress uning saylovlardagi g‘alabasini rasman tasdiqlaganidan keyin Mar-a-Lagoda (Florida shtati) o‘tkazilgan va Fox News telekanalida translatsiya qilingan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
O‘z nutqida Tramp prezident Jo Bayden ma’muriyatini Ukraina masalasidagi siyosati uchun tanqid qilgan. Uning hisoblashicha, Oq uy Kiyevning NATOga qo‘shilishi ehtimoli haqidagi muzokaralarda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ygan, bu vaqtda esa Putin muntazam ravishda Ukraina alyans bilan hech qanday aloqalarga ega bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlab kelgan.
U Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga qarshi chiqqan Rossiyaning «tuyg‘ulari»ni tushunishini aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina alyans a’zosi bo‘la olmasligi haqidagi tushuncha doimo bo‘lgan. Trampning fikricha, Moskva va Kiyev o‘rtasida barcha tomonlarni qanoatlantiruvchi «kelishuv bor edi», ammo uni prezident Jo Bayden buzgan.
«Bu — Baydenning mag‘lubiyati. Agar bizda chinakam prezident bo‘lganida hech qachon bunday bo‘lmasdi. Rossiya hech qachon [Ukrainaga bostirib kirmasdi]. Har qanday o‘rtamiyona muzokarachi bitim tuzishi mumkin edi. Ko‘p yillar oldin Rossiya, Putindan ancha oldin, NATO hech qachon Ukraina ishlariga aralasholmaydi, deb aytgan edi. Ular buni aytishgan. Bu mohiyatan toshga o‘yib yozilgandi. Keyin esa Bayden Kiyev blokka qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligini aytdi. [NATOdan] kimdir Rossiyaning ostonasida turarkan, men ularning bu bo‘yicha his-tuyg‘ularini tushuna olaman», — deya qayd etadi respublikachi.
U Baydenning bayonotlari urushga olib kelganini ta’kidlaydi. Shu tariqa, u Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanishi uchun javobgarlikni AQShning hozirgi ma’muriyati zimmasiga yuklagan.
Tramp Bayden ma’muriyati uquvsizligi Rossiyani Ukrainaga hujum qilishga undaganini, endi uning prezidentlik muddati mojarolar chulg‘ab olgan vaqtda boshlanayotganini, agar Oq uyda Bayden emas, o‘zi bo‘lganida Rossiya va Ukraina urushi boshlanmagan bo‘lishini yana bir bor ta’kidlagan.
«Amerika Qo‘shma Shtatlarining saylangan prezidenti ekanimni bilasizmi? Men juda muvaffaqiyatli sobiq prezidentman. Mamlakatimiz tarixidagi eng buyuk iqtisodiyotga ega edik. Chegaralarimiz yopiq va chiroyli edi. Bizda hammasi bor edi. Yaxshi kechdi. Urush bo‘lmadi. IShIDni yengdik. Bizda urush bo‘lmadi. Hozir esa Rossiya, Ukraina va Isroil bilan yonayotgan dunyoga qaytyapman…», — degan u.
Tramp Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi yanada kuchayishi mumkinligidan xavotir bildirib, mojaro hozirgidan ham yomonroq bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Jurnalistlardan birining u va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv 6 oy ichida bo‘ladimi, deya bergan savoliga javoban, Tramp «bu qachon bo‘lishini aniq ayta olmasligi, ammo Putin uchrashishni istashidan xabardor ekani»ni aytgan.
«Bilamanki, Putin uchrashishni xohlagan bo‘lardi. Biz [inauguratsiyadan] oldinroq uchrashishimiz to‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylamayman. (...) Har kuni juda ko‘p yoshlar halok bo‘lmoqda. Ikki tomondan ham yuz minglab harbiylar o‘lib ketgan va maydon ularning jasadlari bilan to‘lgan, ularni yig‘ishtirib olishmayapti ham. Bu falokat. U yerda maydon juda tor va o‘qni to‘xtatishi mumkin bo‘lgan yagona narsa — inson tanasi. Va insonlar tanalari juda ko‘p o‘qlarni to‘xtatmoqda.
Umid qilamanki, olti oyda, umid qilamanki, olti oydan kamroq vaqtda. Axir Rossiya xuddi Ukraina kabi juda ko‘p yosh yigitlaridan ayrilmoqda. Bu urush hech qachon boshlanmasligi kerak edi. Bu urush bo‘lmasligi kerak edi», — degan u.
Rossiya Ukraina NATOga a’zo bo‘lishiga qarshi chiqadi. Vladimir Putin Kiyev bilan muzokaralar boshlash shartlaridan biri sifatida aynan mamlakatning blokka kirishdan voz kechishini talab qiladi.
Tramp saylovoldi kampaniyasi chog‘ida agar prezidentlikka saylansa, Ukrainadagi mojaroni bir kun ichida hal qila olishini aytgandi. Moskvadagilar ham, Kiyevdagilar ham bu va’daga ishonchsizlik bilan qaragan.
The Wall Street Journal gazetasi yozishicha, Trampning maslahatchilari demilitarizatsiya zonasi yaratish va qurol yetkazishni davom ettirish evaziga Ukrainaning alyansga a’zoligini 20 yilga kechiktirishni taklif etgan. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Moskva Vashingtondan «Ukraina masalasini hal etish bo‘yicha qandaydir rasmiy signal qabul qilmagani» va respublikachilar nomzodining inauguratsiyasiga qadar bunday vakolatlar faqat AQShning hozirgi ma’muriyatida bo‘lishini aytgan.
Mavzuga oid
10:39
Donald Tramp: «Urush boshlanishi – Baydenning aybi»
20:33 / 08.01.2025
Tramp Grenlandiya va Panama kanalini kuch bilan egallash ehtimolini istisno etmayapti
20:29 / 08.01.2025
«Telegraf»: Zelenskiy ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qilgan
19:23 / 08.01.2025