Jahon | 18:35 / 08.01.2025
2589
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda fil festivalga kelgan tomoshabinlarga hujum qildi

Tarmoqlarda tarqalgan kadrlardan ko‘rish mumkinki, fil xartumi bilan bir erkakni oyog‘idan ko‘tarib olib, har tomonga silkitishni boshlagan.

Foto: Videodan kadr

Hindistonda o‘tkazilgan festivalda tomoshaga olib chiqilgan fil mahalliy aholiga hujum qilib, bir kishini uloqtirib yubordi, deb xabar beradi NDTV.

«Kamida 17 kishi jarohat oldi, bir fuqaroning ahvoli og‘ir», — deyiladi xabarda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘ngilsiz hodisa Kerala shtatida har yili o‘tkazilgan festival doirasida yuz bergan. Tarqalgan kadrlarda ko‘rish mumkinki, festival o‘tkazilayotgan maydonda kamida beshta fil bo‘lgan. Ularning biri odamlarga tashlanib qolgan va xartumi bilan erkakni oyog‘idan ko‘tarib, silkitishni boshlagan.

Sodir bo‘lgan voqeadan keyin jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan. Ta’kidlanishicha, odamlarning aksariyati filning harakatlaridan keyin yuzaga kelgan tiqilinch oqibatida jarohat olgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda Hindistonning Orissa shtatida fil hujum qilishi natijasida besh kishi halok bo‘lgandi. 2024 yil aprel oyida Zambiyada 80 yoshli amerikalik sayyoh mashinaga fil hujum qilishi oqibatida halok bo‘lgandi. Fil zarbidan ag‘darilgan mashinaning yana bir necha yo‘lovchisi jarohatlangan.

Joriy yilning yanvar oyi boshlarida esa Tailandda fil ispaniyalik talaba qizni so‘yloq tishi bilan o‘ldirib qo‘ygan edi.

Mavzuga oid