13 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Ozodlikka chiqqan Salimboy, mashhur mafkurachi ayolning vafoti, o‘zini band qilgan taksichilarga yengillik va ilonni tiriklay yamlagan insonga jarima — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Salimboy ozodlikka chiqdi
Mashhur tadbirkor va jamoat arbobi Salim Abduvaliyev salomatligi bilan bog‘liq muammolar tufayli 2025 yil 12 yanvar kuni jazodan ozod qilindi. Bu haqda Kun.uz o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Salim Abduvaliyev 2023 yil dekabr oyida o‘qotar qurolni qonunga xilof saqlash aybi bilan ushlangan va 2024 yil mart oyida Jinoyat kodeksining 248-moddasi 2-bandiga muvofiq 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi.
75 yoshli Abduvaliyev uzoq yillar davomida kasallik bilan kurashib kelgani sababli Jinoyat kodeksining 75-moddasiga asosan jazoni o‘tashdan ozod qilingan. Ushbu modda og‘ir kasallikka chalingan shaxslarni jazodan ozod qilish tartibini belgilaydi.
Salim Abduvaliyev Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, o‘z vaqtida Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va O‘zbekiston sport kurashi assotsiatsiyasi raisi lavozimlarida ishlagan.
Mashhur mafkuraviy arbob vafot etdi
O‘zbekiston SSRda mafkura sohasidagi yetakchi shaxslardan biri bo‘lgan Ra’no Abdullayeva 89 yoshida olamdan o‘tdi. U 1935 yilda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan bo‘lib, 1970−1987 yillarda mamlakatdagi eng nufuzli siyosiy arboblardan biri sifatida faoliyat yuritgan.
Abdullayeva 1963−1971 yillarda O‘zbekiston komsomolining birinchi kotibi sifatida ishlagan. Keyinchalik u O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisining o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasida mafkura bo‘yicha kotib sifatida faoliyat yuritgan. U o‘z davrida mamlakatning siyosiy va ijtimoiy hayotida muhim rol o‘ynagan.
Shuningdek, u «paxta ishi» doirasida qamoqqa olingan, ammo keyinchalik SSSR Oliy sudining qarori bilan oqlangan. Uning so‘nggi yillarda bergan intervyulari o‘tmish voqealariga yanada yorug‘lik tushirgan.
Ra’no Abdullayeva Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zatom» agentligi rahbari Azim Ahmedxo‘jayevning buvisi edi.
O‘zini o‘zi band qilgan holda taksichilik
Endi transport va logistika sohasiga oid ayrim yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 yanvar kuni sohani rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan holda taksichilik qilishga doimiy ruxsat berish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Ikki yil oldin joriy etilgan vaqtinchalik tartib natijasida rasmiy taksichilar soni 6 barobar oshib, 457 mingga yetgan edi. Endi bu tartib doimiy bo‘ladi. Taksilarga mijoz topishda qulaylik yaratuvchi 151 ta agregator kompaniyaning faoliyati tartibga solinadi, ularning davlat, haydovchilar va yo‘lovchilar oldidagi majburiyatlari aniq belgilanadi.
Prezident yig‘ilishda xalqaro transport va logistika tizimini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Mahalliy ekspeditorlarga xalqaro yuk tashish xizmatlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i olinmaydi, bu esa ularning bozordagi ulushini 50 foizga yetkazish imkonini beradi. Xalqaro yuk tashish hajmini 2 barobarga oshirish va transport xizmatlari eksportini 3 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Chegaralarda elektron navbat tizimini joriy etish orqali o‘tish vaqtini 20 daqiqagacha qisqartirish, transport vositalarini onlayn kuzatish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifalari berildi.
Hududlarda 16 ta avtovokzal quriladi
2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida hududlarda jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar rejalashtirilgan.
Unga ko‘ra, hududlarda 16 ta yangi avtovokzal va avtostansiyalar quriladi va mavjudlari rekonstruksiya qilinadi. 50 ta yangi jamoat transporti yo‘nalishi tashkil etiladi.
Jamoat transportida elektron to‘lovlar ulushi 15 foizdan 30 foizgacha oshiriladi.
Jamoat transporti uchun 700 ta yangi zamonaviy avtobus xarid qilinadi. 743 ta bekat quriladi yoki rekonstruksiya qilinadi.
Avtobus harakati uchun ustuvorlik yaratish maqsadida, shaharlarda 150 km alohida avtobus yo‘laklari tashkil qilinadi.
Elektromobillar uchun zaryad stansiyalari
2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihada bir qator ekologik va infratuzilmani rivojlantirish choralari ham ko‘zda tutilgan.
Xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari bo‘yida elektromobillar uchun zaryadlash stansiyalari tashkil etiladi.
Mavjud benzin va metan to‘ldirish shoxobchalarida zaryadlash stansiyalarining dislokatsiyasi belgilanib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilinadi.
Elektromobillar infratuzilmasini kengaytirish choralari amalga oshiriladi.
Tirik ilonni yeb yuborgan odam
Tirik ilonni yeb yuborib, uning tasvirini ijtimoiy tarmoqlarda joylagan insonga nisbatan yaxshigina jarima qo‘llandi.
Voqea Jizzax viloyati Zomin tumanida ro‘y bergan. Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, olib borilgan tekshiruvlarda ushbu harakatni zominlik Q.H. ismli fuqaro sodir etgani ma’lum bo‘ldi. U yovvoyi tabiatda uchraydigan ko‘lvor ilonni tiriklay yeb yuborgan va buni tasvirga olgan.
U «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzgan deb topildi. Davlat inspektorlari fuqaroga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi bo‘yicha 7,5 mln so‘m jarima tayinladi.
Shuningdek, fuqaroga nisbatan tabiatga yetkazilgan zarar sifatida 1 mln 125 ming so‘m miqdorda qo‘shimcha tovon puli hisoblandi.
Mavzuga oid
21:58 / 10.01.2025
10 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:32 / 09.01.2025
9 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
22:07 / 08.01.2025
8 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:40 / 07.01.2025