“Asosan bepul onlayn kurslardan foydalandim” - O‘zbekistonda ilk bor SAT'dan 1600 ball olgan buxorolik 18 yoshli yigit
Parviz To‘qsonov dunyoning top universitetlariga kirishda asosiy baholash testlaridan biri — SAT imtihonidan o‘zbekistonliklar ichida birinchi bo‘lib eng yuqori ballni qo‘lga kiritdi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bunday natijaga qanday erishgani, tayyorgarlik hamda imtihon jarayonlari haqida so‘zlab berdi.
Parviz To‘qsonov Buxoro shahridagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil olgan. Ingliz tilini to‘rtinchi sinfdan o‘rganishni boshlagan. 16 yoshida (2022 yil avgust) IELTS’dan 8,5 ballni qo‘lga kiritganidan so‘ng SAT’ga mustaqil tarzda tayyorlangan.
“Imtihonga hozirlik ko‘rayotgan vaqtimda yashash hududimizda SAT’ni o‘rgatadigan kurslar, repetitorlar yo‘q edi. Shuning uchun, asosan, onlayn resurslar ya’ni YouTube’dagi videodarsliklar, podkastlar, kitoblardan foydalandim. Menga eng ko‘p yordam bergan platforma bu Khan akademiyasi bo‘ldi. Ushbu platformada minglab bepul va sifatli kurslar mavjud. Ular asosida test tizimini o‘zim, ustozlar yordamisiz o‘rgandim”, — deydi u.
Qahramonimiz 2023 yilda SAT’dan 1560 ball to‘plagan. 2024 yilda esa o‘zining rekordini yangilab, SAT’dan maksimal ball olgan ilk o‘zbek yigitiga aylandi.
“Umumiy hisobda bu imtihonni uch marta topshirganman. Dastlab 1560 ballni qo‘lga kiritganman. O‘shandan keyin o‘z tengdoshlarimga mazkur yo‘nalish bo‘yicha kurslar tashkil etib, dars o‘ta boshlaganman. Ikki yil davomida SAT mentor bo‘lish va o‘quvchilar bilan ishlash jarayoni imkoniyatlarimni yanada kengaytirishga yordam berdi. O‘z bilim hamda ko‘nikmalarimni rivojlantirish ustida doimiy shug‘ullanib, 2024 yil dekabr oyida o‘quvchilarim bilan birga yana SAT imtihonini qayta topshirdim va 1600 ball oldim”, — deydi Parviz To‘qsonov.
Uning aytishicha, O‘zbekistonda SAT’dan shu kungacha maksimal ball qo‘lga kiritilmaganligining sababi nomzodlarning katta qismi imtihonni faqat oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun topshirib, 1500 balldan yuqori natijani qayd etganidan so‘ng, o‘z ustida ishlashni davom ettirmasligida:
“Birinchi marta imtihonga kirganingizda insoniy omil - hayajon testlarning barchasini to‘liq va to‘g‘ri bajarishingizga ta’sir qilishi mumkin. Umumiy 98 ta savoldan atigi bitta xato qilsangiz ham 1600 ball chiqmaydi, maksimal ballni olishni ko‘zlagan bo‘lsangiz, xato qilishga haqqingiz yo‘q. Hamma vazifalarni to‘g‘ri ishlash uchun esa imtihonni qayta-qayta topshirib, tajriba to‘plash kerak”, — deya ta’kidlaydi Parviz.
Rekordchiga ko‘ra, IELTS sertifikatining o‘zi bilan chet el oliygohlariga qabul qilinish biroz qiyin. Dunyoning nufuzli universitetlariga hujjat topshirish jarayonlarida, asosan, SAT sertifikati talab etiladi. SAT – bu maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga qanchalik tayyorligini ko‘rsatib beradigan test tizimi hisoblanadi. Mazkur test ilk bor 1926 yilda AQShda ishlab chiqilgan, hozirda butun dunyo bo‘ylab ikki milliondan ortiq talaba har yili SAT topshiradi va ushbu baholash tizimidan olgan ballari asosida oliygohlarga qabul qilinadi.
SAT imtihonidagi savollar o‘quvchilarning nafaqat ingliz tili, balki fizika, kimyo, astronomiya kabi maktabda o‘tiladigan fundamental fanlar bo‘yicha tushunchalarini ham tekshiradi.
“Ba’zilar IELTS va SAT’ni ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi, bir-biridan deyarli farq qilmaydigan test tizimi sifatida biladi. Ammo ularni topshirish jarayoni ham, nimaga yo‘naltirilgani ham bir-biridan farq qiladi. Qisqa qilib tushuntiradigan bo‘lsak, SAT o‘quvchining oliy ta’limga tayyor yoki tayyor emasligini tekshirib beradigan test bo‘lsa, IELTS ingliz tilini qanchalik yaxshi bilishini aniqlaydigan baholash tizimi hisoblanadi”, — deydi u.
Imtihon ikkita bo‘limdan iborat: ingliz tili (o‘qish va yozish) hamda matematika. Ingliz tiliga 64 daqiqa, matematikaga 70 daqiqa beriladi. Orada 10 minutlik tanaffus ham taqdim etiladi. Umumiy hisobda imtihonga 2 soat 15 daqiqa vaqt sarflanadi.
“Imtihonda vaqtni to‘g‘ri boshqarish muhim omil. Jarayonda vaqtdan yutishingiz shu imtihonga tushadigan savollarni qanchalik ko‘p ishlab ko‘rganingizga bog‘liq. Shaxsan o‘zim oxirgi safar imtihonga kirishdan avval o‘quvchilarim bilan birga avvalgi sinov jarayonlarida tushgan 25 dan ortiq test namunalari bilan tanishib, savollarni o‘rganib chiqqanman. Shuning uchun vaqt bilan bog‘liq muammolar bo‘lmagan”, — ta’kidlaydi Parviz.
Parvizning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik test topshiruvchilar ingliz tili bo‘limidagi ikkinchi qismda muammolarga duch keladi. Bu qismdagi savollarni tezroq yechish uchun taqdim etilgan topshiriqlarni oxiridan ya’ni 27-savoldan boshlab yechish tavsiya etiladi. Chunki oxirrog‘ida tushadigan savollar grammatikaga oid bo‘ladi va ularga javob topish boshqalariga nisbatan osonroq hisoblanadi. Bu, o‘z o‘rnida, vaqtni tejashga yordam beradi.
To‘liq intervyuni Kun.uz YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov.
Mavzuga oid
14:24 / 06.11.2024
“Nega ustimizdan kulishyapti?” – fizika o‘qituvchilari attestatsiya imtihonidan norozi
16:48 / 04.11.2024
Rossiyada migrantlar uchun imtihonlarning yagona narxlari belgilanadi
17:32 / 08.08.2024
Davlat imtihonlarida qancha abituriyent 189 va undan yuqori ball olgani ma’lum qilindi
18:54 / 01.08.2024