Jahon | 16:49 / 13.01.2025
6137
2 daqiqa o‘qiladi

Gurbanguli Berdimuhamedov ilk bor «Millat otasi» deb nomlandi

Turkmanistonning sobiq prezidenti hozir Arqadag (Homiy) va Turkman xalqining «Milliy yetakchisi» deb ataladi.

Foto: Kun.uz

Turkmaniston Xalq Maslahati raisi, sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ilk marotaba omma oldida «Millat otasi» deb ataldi.

Bu haqda 9 yanvar kuni parlament raisi va Vazirlar Mahkamasi a’zolari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov gapirdi.

U Turkmaniston betarafligining 30 yilligi hamda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2025 yil «Xalqaro tinchlik va ishonch yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarga bag‘ishlangan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi muhimligini ta’kidladi. Vazir nutqida sobiq prezidentni birinchi marta omma oldida «Millat otasi» deb atadi. Yig‘ilish davlat televideniyesi orqali namoyish etildi va Turkmaniston davlat axborot agentligi tomonidan Berdimuhamedovning yangi maqomi eslab o‘tilgan holda batafsil hisobot chop etildi.

Turkmen.news nashrining ta’kidlashicha, «Millat otasi» katta ehtimol bilan Gurbanguli Berdimuhamedovning navbatdagi rasmiy unvoniga aylanadi. Hozir davlat ommaviy axborot vositalari uni Arqadag (Homiy) va Turkman xalqining «Milliy yetakchisi» deb atashi shart. Shu bilan birga, Arqadag nomiga ko‘pincha boshqa ta’riflar qo‘shiladi: qahramon-Arkadag, mehribon-Arqadag, qahramon olim Arqadag va boshqalar.

Mavzuga oid