O‘zbekiston | 17:34 / 13.01.2025
4031
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Shimoliy Orol dengizi suvi hajmini 42 foizga oshirdi

Mamlakat Shimoliy Orol dengizi suvini saqlash hajmi va samaradorligini oshirish, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, baliqchilik va ekoturizmni rivojlantirish, hududning ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha muhim chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdi.

Foto: Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi

Shimoliy Orol dengizini saqlash loyihasining birinchi bosqichi yakunlariga ko‘ra, dengizdagi suv hajmi 42 foizga oshib, 27 milliard kub metrga yetdi. Dengiz suvining sho‘rligi qariyb to‘rt barobar kamaydi, yillik baliq ovlash hajmi 8 ming tonnaga yetdi. Bu haqda Qozog‘iston Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov ma’lum qildi.

Qayd qilinishicha, Qozog‘iston prezidenti topshirig‘i bilan Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi tomonidan «Orol dengizining shimoliy qismini hududiy rivojlantirish va tiklash» loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyiha 3 ta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Xususan, Shimoliy Orol dengizi suvini saqlash hajmi va samaradorligini oshirish, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, baliqchilik va ekoturizmni rivojlantirish, hududning ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha muhim chora-tadbirlar rejalashtirilgan.

Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi 2024 yilda Orol dengiziga qariyb 2,6 milliard kub metr suv jo‘natgan edi. Sug‘orish davrida rekord hajmdagi 1 milliard kub metr suv oqizildi. Bu Sirdaryo suvini oqilona taqsimlash va saqlash natijasida amalga oshirildi. Taqqoslash uchun, 2022 yilda Orol dengiziga bor-yo‘g‘i 816 million kub metr suv oqizilgan.

«Bu natijalar keyingi ikki yil davomida amalga oshirilgan tizimli ishlar samarasidir. Biz qo‘shni davlatlar bilan suvni tejash va transchegaraviy daryolarda suv resurslarini adolatli taqsimlash bo‘yicha o‘zaro anglashuvga erishish bo‘yicha aniq qadamlar qo‘ydik. Biz bunday muzokaralarni kelgusida ham davom ettiramiz va muhim suv havzalarining barqaror darajasini saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Orol dengizini tiklashga qaratilgan loyiha, birinchi navbatda, hududning ekologik holatini yaxshilash, baliqchilik va turizmni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan», dedi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov.

Eslatib o‘tamiz, 1989 yilda Orol dengizi qurishi oqibatida ikkita suv havzasiga – Shimoliy va Janubiy Orolga ajralib ketgan edi. Shimoliy Orol – Qozog‘iston hududida joylashgan. Janubiy Orol — O‘zbekiston tomonda.

Mavzuga oid