Jahon | 11:26
2319
2 daqiqa o‘qiladi

Toyota qurayotgan aqlli shahar kuzda aholini qabul qilishni boshlaydi

Woven City nomli futuristik shaharga dastlab Toyota xodimlari ko‘chiriladi. Shaharda odamlar hayotini yengillashtiradigan eng ilg‘or texnologiyalar joriy etilmoqda.

Foto: AFP

Yaponiyaning Toyota kompaniyasi CES 2025 ko‘rgazmasida o‘zining Woven City nomli futuristik aqlli shahri qurilishining birinchi bosqichi yakunlanganini e’lon qildi. Kompaniya 2025 yil kuzidan boshlab dastlabki 100 nafar aholini (asosan Toyota xodimlari va ularning oila a’zolarini) shaharga taklif etishni boshlaydi.

Ushbu aqlli shahar Yaponiyadagi Fuji tog‘i etagida joylashgan bo‘lib, u aholi uchun o‘ziga xos “jonli laboratoriya” vazifasini bajaradi.

Toyota Motor Corp. avtomobilsozlik kompaniyasi 2018 yildayoq nafaqat avtomobil ishlab chiqarish, balki mobillik sohasida yetakchilardan biriga aylanish niyatini e’lon qilgandi. 2020 yilda u o‘zining Woven by Toyota sho‘’ba korxonasi bilan hamkorlikda barpo etmoqchi bo‘lgan kelajak shahri konsepsiyasini ommaga taqdim etdi.

Hozirgi kunda Woven City kundalik hayotga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga intilmoqda. Bu sun’iy intellektga asoslangan aqlli uylardan tortib, ma’lum transport turlariga mo‘ljallangan ko‘chalargacha (velosiped yo‘laklari, robotaksilar uchun yo‘llar) bo‘lgan texnologiyalarni o‘z ichiga oladi. Konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri — barqarorlik: Toyota ishlatiladigan qurilmalarni quvvatlashda vodorod yacheykalari texnologiyasidan foydalanmoqchi.

New Atlas xabar berishicha, Woven City allaqachon LEED Platinum sertifikatini qo‘lga kiritgan. Ushbu sertifikat energiya samaradorligi va suvni tejash, ekologik toza materiallar, dizayndagi innovatsiyalar va boshqa ko‘plab sohalarda butun dunyoda tan olingan eng yuqori standart belgisi hisoblanadi.

Mavzuga oid