Jahon | 18:33 / 14.01.2025
3186
3 daqiqa o‘qiladi

«Agar saylanmasa, aybdor deb topilardi» - Tramp ishi bo‘yicha maxsus prokuror hisoboti e’lon qilindi

Donald Trampga qarshi ikkita jinoiy ish bo‘yicha tergov olib borgan maxsus prokuror Jyek Smit hisoboti e’lon qilindi. Unda saylangan prezidentga nisbatan topilgan dalillar sudda ehtimoliy hukm chiqarish uchun yetarli bo‘lishi ta’kidlangan.

Foto: The New York Times

Donald Tramp 2024 yilgi prezidentlik saylovida g‘alaba qozonmaganida davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor deb topilgan bo‘lardi. Bu haqda Trampga qarshi 2020 yilgi prezidentlik saylovidagi mag‘lubiyatdan keyin hokimiyatni egallab olishga urinish va maxfiy hujjatlarni noqonuniy ushlab turish ishlari yuzasidan tergov olib borgan maxsus prokuror Jyek Smit hisobotida aytiladi, deb yozdi The New York Times.

14 yanvar kuni Adliya vazirligi Smit jamoasining tergov natijalarini aks ettiruvchi hisobotni e’lon qildi.

Hisobotning birinchi qismida Trampning harakatlari, jumladan, rasmiylarga bosim o‘tkazish, muqobil saylovchilarni topish va tarafdorlarini saylov natijalariga norozilik bildirishga undash harakatlari tasvirlangan.

«Agar Tramp prezident sifatida saylanmaganida… topilgan dalillar sudda unga nisbatan hukm chiqarish uchun yetarli bo‘lar edi», deyiladi hisobotda.

Smit hisobotining Trampga nisbatan maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlanishi bo‘yicha tergov tafsilotlari aks ettirilgan ikkinchi qismi maxfiylashtirilgan. Chunki uning sheriklariga nisbatan sud mahkamalari davom etmoqda.

Smit o‘z hisobotida Trampning «erkin va adolatli saylov» natijalarini bekor qilishga urinishlari haqida yozgan. Shuningdek, 2020 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylov kunidan 2021 yil 6 yanvargacha bo‘lgan davrda Tramp «raqiblariga qarshi zo‘ravonlikni qo‘llab-quvvatlaganini» ta’kidlagan. Aynan shu kuni uning tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirgan edi.

Smit Kapitoliyga qilingan hujumda Trampni aybladi. Hisobotda u, boshqa narsalar qatorida, hujum ishi bo‘yicha bir necha ayblanuvchilarning Tramp nomidan ish tutayotganini o‘ylaganligi haqida aytgan so‘zlarini keltirdi.

Maxsus prokuror Jyek Smit 11 yanvar kuni iste’foga chiqdi. Donald Tramp 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganidan so‘ng, Smit Vashingtondagi federal sudyaga Trampga qo‘yilgan barcha ayblovlarni olib tashlash to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qildi. Chunki Adliya vazirligi amaldagi prezidentni jinoiy javobgarlikka torta olmaydi.

Mavzuga oid